Sog‘liqni saqlash sohasida innovatsiyalar
Mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar bozorida keng turdagi innovatsion ishlanmalar taqdim etilmoqda.
Mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar bozorida keng turdagi innovatsion ishlanmalar taqdim etilmoqda. Ushbu ishlanmalarni joriy etish tashkilotlarga boshqaruv jarayonini soddalashtirish, qo‘l mehnatini avtomatlashtirish yoki sezilarli qisqartirish imkonini bermoqda. “Bepro” dasturchilar markazi tomonidan tibbiyot muassasalari uchun tayyorlangan “MedData” avtomatlashtirilgan axborot tizimi shunday mahsulotlar sirasiga kiradi.“MedData” avtomatlashtirilgan axborot tizimi Sirdaryo viloyatidagi 14, Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 4 poliklinika, shuningdek, Respublika perinatal markazida joriy etilgan. Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Mazkur tizimda «Poliklinika» va «Statsionar» rejimlari mavjud, – deydi “Bepro” dasturchilar markazi loyihasi rahbari Irina Berger. – Masalan, poliklinikada «Poliklinika ro‘yxatga olish bo‘limi», «Poliklinika shifokori», «Statistika» kabi modullar qo‘llaniladi. Ma’lumotlar bazasidan foydalanishning tegishli darajasiga muvofiq, har bir xodimning profili yaratiladi. Jumladan, ro‘yxatga olish bo‘limi xodimi har bir shifokorning ish jadvalini, shifokor esa barcha bemorlarning elektron kartochkalari va kasallik tarixini ko‘rish huquqiga ega.
“MedData” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan tibbiyot muassasalari xodimlarining ta’kidlashicha, sog‘liqni saqlash tizimida yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilayotgani bemorlar va soha xodimlari uchun qulayliklar yaratmoqda. Bundan tashqari, shifokorlar mas’uliyatini oshirib, tibbiyot xodimlarini markazlashtirilgan holda nazorat qilish imkonini beradi.
– Aksariyat hollarda bemorlar poliklinikada tibbiy ko‘rik yoki davolanish bilan bog‘liq bo‘lmagan jarayonlarga ko‘p vaqt sarflaydi, – deydi Respublika perinatal markazining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Pavel Kim. – Misol uchun, bemor ro‘yxatga olish bo‘limida, shifokor qabuliga navbatga turganda, anketa to‘ldirilayotganda va dori qog‘ozi yozilayotganda ortiqcha kutib qoladi. “MedData” avtomatlashtirilgan axborot tizimining joriy etilishi ushbu jarayonlarni sezilarli darajada optimallashtirish imkonini berdi. Xususan, bemorlarning ambulatoriya kartalari komputerda o‘qiladigan shaklga o‘tkazilib, ro‘yxatga olish bo‘limi faoliyati avtomatlashtirildi.
Zamonaviy elektron tizimlaridan foydalanish samarasida real vaqt rejimida tibbiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lib, tibbiyot xodimlarining mehnati yengillashmoqda, faoliyat samaradorligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshmoqda.