Hozirda butun dunyoda tabiatga nooqilona munosabat natijasida atrof-muhitga nisbatan ekologik tahdid va xavf-xatarlarning salbiy ta’siri keskin oshib bormoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, insoniyat faoliyatining ta’siri o‘laroq Yer kurrasining 75 foiz maydoni butunlay o‘zgargan. Oqibatda o‘simlik va hayvonot dunyosining 1 million turi yo‘qolib ketish arafasida.
Ekologik muammolarning keskinlashuvi insoniyat hayoti va kelajagiga real xavf tug‘dirmoqda. Shuning uchun ham BMT tomonidan qabul qilingan 2030 yilgacha bo‘lgan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlarining 10 tasi dunyo ekotizimi va atrof-muhitga aloqador ekanligi ham tabiatni muhofaza qilishning naqadar muhim jarayonga aylanganidan dalolat beradi.
Ekologik muammolar bilan kurashish nafaqat global va mintaqaviy, balki milliy miqyosdagi kompleks sa’y-harakatlarni talab etadi.
Konstitutsiyaning 50-moddasida fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburligi, 55-moddasida esa yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekanligi va ular davlat muhofazasida bo‘lishi alohida belgilangan.
bugungi kunda rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatni his qilgan holda Asosiy qonunimizda atrof-muhitni muhofaza qilishning konstitutsiyaviy prinsip va kafolatlarini yanada mustahkamlash dolzarb masaladir.
Tabiatni muhofaza qilishdan asosiy maqsad inson salomatligi hamda uning hayot uchun qulay va sof tabiiy muhitga bo‘lgan ajralmas huquqini ta’minlashdan iboratdir. Ko‘plab xorijiy davlatlarda insonning sof atrof-muhitga bo‘lgan huquqi konstitutsiyaviy darajada belgilangan.
Xususan, Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasida har kim sog‘lom atrof-muhit sharoitida yashash huquqiga egaligi alohida nazarda tutilgan (39-modda).
Germaniyaning Asosiy qonunida davlat kelajak avlod oldidagi o‘zining mas’uliyatini anglagan holda konstitutsiyaviy tuzum doirasida qonunlar, ijro hokimiyati va odil sudlov yordamida yerdagi hayotning asosi bo‘lgan atrof-muhitni muhofaza qilishi ko‘rsatilgan (20-a-modda).
Yuqoridagilarga asosan va ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot doirasida Asosiy qonunimizda quyidagi 2 ta masala bo‘yicha normalarni kiritish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz:
Birinchisi – fuqarolarning sof va qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini konstitutsiyaviy darajada belgilash, ikkinchisi – davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha vazifalarini nazarda tutish.
Tabiatni asrash bevosita insonning hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq masala bo‘lganligi sababli Asosiy qonunimizning 40-moddasi qo‘shimcha ikkinchi qism bilan to‘ldirilib, ushbu qism “har bir inson sog‘lom va qulay atrof-muhit sharoitida yashash huquqiga ega” deb bayon qilinishi taklif etiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, kelajagimiz ko‘p jihatdan tabiat bilan jamiyat o‘rtasidagi aloqadorlikni optimal hal qilishga bog‘liq. Bunda har bir davlat milliy siyosiy vositalar yordamida atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy mexanizmlarini joriy etishi dolzarb ahamiyatga ega.
Xorijiy mamlakatlar tajribasida tabiatni muhofaza qilishning zamonaviy va ta’sirchan usullariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati loyihalarining atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimi (Environmental Impact Assessment) bilan bir qatorda qonunchilik hujjatlari va davlat dasturlari loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish jarayoni (Strategic Environmental Assessment) ham amaliyotga tatbiq qilinmoqda.
Xalqaro ekspert va olimlarning fikriga ko‘ra, atrof tabiiy muhit ifloslanishining oldini olish ekologik jihatdan asoslanmagan qarorlarning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaraganda to‘rt-besh marotaba arzon tushadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunida ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasisiz loyihalarni ro‘yobga chiqarish man etilishi belgilangan. Ushbu qoida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha turdagi loyihalarni, shu jumladan, qonunchilik hujjatlari loyihalarini ham nazarda tutadi.
Qonunchilikning ekologik talablarga muvofiq qabul qilinishi yurtimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjatlarning ham muhim talabi hisoblanadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro-huquqiy shartnoma – Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaga O‘zbekiston 1995 yilda qo‘shilgan.
Mazkur xalqaro hujjat ishtirokchi davlatlar tomonidan atrof-muhit, shu jumladan, biologik xilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dasturlar va qonunchilik hujjatlarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish mexanizmlarini joriy qilish, ushbu jarayonga jamoatchilikning ishtirok etish imkoniyatini yaratish va boshqa muhim choralarni ko‘rish lozimligini e’tirof etadi.
Shunday ekan, atrof-muhitni muhofaza qilishning muhim huquqiy instrumentlaridan biri sifatida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazishning konstitutsiyaviy asoslarini belgilash maqsadga muvofiqdir.
Asosiy qonunimizning 55-moddasini qo‘shimcha ikkita qism bilan to‘ldirib, ularni quyidagi tahrirda bayon qilish taklif etiladi:
“Davlat kelajak avlod oldidagi mas’uliyatini anglagan holda atrof muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ularning ifloslanishining oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi, ushbu Konstitutsiya asosida qabul qilinadigan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ekologik talablarga muvofiqligini ta’minlaydi.
Davlat ko‘kalamzorlashtirish va o‘rmonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi va rag‘batlantiradi”.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, kelajak avlodning sog‘lom va ekologik toza muhitda bahramand bo‘lishlari uchun atrof-muhitga bo‘lgan munosabatimizni keskin o‘zgartirishimiz, bu borada ta’sirchan konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yaratishimiz kerak.
Sherzod Bahronov,
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi
direktori o‘rinbosari.
O‘zA