Joriy yilning 15 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida «Marmara Grup» ijtimoiy va strategik tadqiqotlar fondi prezidenti Akkan Suver boshchiligidagi turkiyalik ekspertlar delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini chuqurlashtirish masalalari, Samarqand TDT sammitining asosiy natijalari muhokama qilindi.
Ilmiy-tahliliy markazlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tadbir ishtirokchilari joriy yilda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining bugungi holatini yuqori baholashdi.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar yuksalish yo‘lida barqaror rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari o‘rtasida yaqin va ishonchli muloqot yo‘lga qo‘yilgani ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirishning asosiy omili ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda tomonlar 2018 yilda Istanbulda imzolangan SMTI va «Marmara Grup» fondi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirish doirasida 2023 yilga mo‘ljallangan Qo‘shma tadbirlar rejasini tasdiqladi.
Ushbu hujjat mintaqa kun tartibining eng dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma tadbirlarda ishtirok etish, nashrlar almashinuvi va ikki tomonlama onlayn konferensiyalar tashkil etishni nazarda tutadi.
«Marmara Grup» strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi 1985 yilda Turkiyaning sobiq prezidenti Sulaymon Demirel ko‘magida tashkil etilgan jamoat tashkiloti hisoblanadi.
O‘zA