O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matovning MDH da O‘zbekiston Respublikasining 2020 yildagi raisligi xulosalari bo‘yicha bergan izohlari.
Mamlakatimizning MDHdagi raisligi bo‘yicha xulosalariga baho berib, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, aksariyat mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar faoliyatini murakkablashtirgan og‘ir epidemiologik vaziyatga qaramay, O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari doirasida o‘ta samarador va unumli faoliyatni amalga oshirdi.
O‘zbekistonning MDHdagi raislik Konsepsiyasiga muvofiq ravishda hukumat rahbarlari, Tashqi ishlar vazirlari Kengashlari, MDH Iqtisodiy Kengashining yig‘ilishlari, sohaviy hamkorlikning, shu jumladan, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Kengash, Gumanitar hamkorlik bo‘yicha Kengashning 60 ga yaqin majlislari o‘tkazildi, mingdan ziyod masalalar ko‘rib chiqildi, 70 dan ziyod muhim, turli yo‘nalishdagi hujjatlar qabul qilindi.
2020 yilda O‘zbekiston MDHning uchta organi: Yoshlar maslalari bo‘yicha Kengash, Mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha maslahatlashuv Kengashi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maslahatlashuv Kengashga a’zo bo‘ldi. Bu bilan mamlakatimiz o‘zining MDH ishtirokchi-davlatlari bilan 39 sohaviy hamkorlik organlari doirasidagi o‘zaro harakatlari ko‘lamini kengaytirdi.
MDH doirasida yangi real vaziyatga moslashtirilgan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, madaniyat, turizm, sport, yoshlar siyosati, innovatsion rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik asoslarini shakllantiruvchi konseptual va strategik hujjatlarning muvofiqlashtirilishi va qabul qilinishi O‘zbekiston raislik faoliyati samaradorligining yorqin namunasi, deb atash mumkin.
Xususan, 2021-2030 yillar uchun qabul qilingan turizm, jismoniy tarbiya va sport, yoshlar siyosati sohasida qabul qilingan kelishuvlar, “raqamli jamiyat”ni rivojlantirish sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv, shuningdek, 2025 yilgacha mo‘ljallangan harbiy hamkorlik va 2030 yilgacha mo‘ljallangan mintaqalararo va chegaraviy hamkorlik to‘g‘risidagi konsepsiyalar MDH davlatlari hududida barqaror taraqqiyot uchun dolzarb ahamiyatga ega.
MDH ishtirokchi davlatlarining iqtisodiy sohadagi 30 dan ziyod yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirib borish, Hamdo‘stlik mamlakatlari milliy iqtisodiyotlari va fuqarolari farovonligi oshirish, MDH ishtirokchi – davlatlarining dunyo xo‘jalik aloqalaridagi tutgan o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan, MDHni 2030 yilgacha bo‘lgan davrda iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi alohida e’tiborga molik.
Shu yil may oyida Hamdo‘stlik mamlakatlari rahbarlari Kengashi tomonidan MDH davlatlari ishtirokchi-davlatlarining transport sohasida 2030 yilgacha bo‘lgan davrdagi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarining tasdiqlanishi mazkur strategiyaning amaliy jihatdan amalga oshirishga salmoqli hissa bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan mazkur dasturiy hujjatda MDH davlatlarida umumiy transport maydonini shakllantirish va transport yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirish, ularni Yevropa va Osiyo transport tizimlariga integratsiyalash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan siyosatni tadbiq etish ko‘zda tutilgan.
Siyosiy, iqtisodiy, gumanitar, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlikning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish hamda uzoq muddatli istiqbolda uning har bir ishtirokchisining samarali rivojlanishini ta’minlovchi integratsiyalashgan iqtisodiy va siyosiy tuzilmani shakllantirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutgan MDHni kelgusi o‘n yillikda yanada rivojlantirish Konsepsiyasining qabul qilinishi O‘zbekistonning MDHdagi raisligining eng muhim muvaffaqiyati bo‘ldi.
Konsepsiyaning axamiyatligi shundaki, u MDH ishtirokchi-davlatlarining milliy iqtisodiyotlarni yanada rivojlantirish va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning farovonligini oshirish, jahonning siyosiy, ijtimoiy-madaniy, va iqtisodiy jarayonlariga jalb qilinishlari kabi ob’ektiv manfaatlaridan kelib chiqqan bo‘lib, shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyoda MDH tuzilmalarining va ularning faoliyat shakllari va uslublarini hozirgi zamon talabiga moslashuvini nazarda tutadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston MDHda raislik davrida ishtirokchi-davlatlarining tashqi chegaralardagi xavfsizliklarini mustahkamlashda 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, shuningdek, davlatlararo innovatsion maydonni rivojlantirish asosida iqtisodiy o‘sishning innovatsion komponentasini kuchaytirishga qaratilgan MDH ishtirokchi-davlatlarining 2030 yilgacha mo‘ljallangan innovatsion hamkorligini rivojlantirishning davlatlararo dasturini muvofiqlashtirish va qabul qilish bo‘yicha maqsadli ishlarni amalga oshirdi.
Yuqorida ko‘rsatilgan o‘rta va uzoq muddatli xarakterdagi konseptual va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan ishlar MDH ishtirokchi-davlatlarining strategik manfaatlari va maqsadlari umumiyligi, ularning keng miqyosli masalalar bo‘yicha teng huquqli, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikdan manfaatdorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 18 dekabrda bo‘lib o‘tgan MDH ishtirokchi-davlatlari rahbarlari Sammitida Hamdo‘stlik doirasida elektron savdoni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur, Mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha hamkorlik dasturi, radikalizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik dasturi kabilarni qabul qilish, “MDH Salomatlik marafoni” ni o‘tkazish va boshqalar bo‘yicha bildirgan tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etadi.
Qabul qilingan strategik va konseptual hujjatlarni amalda tadbiq qilishga qaratilgan mazkur tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish MDH ishtirokchi-davlatlarining ulkan salohiyatini ishga solish, inqirozdan keyingi davrda Hamdo‘stlik mamlakatlari makonida barqaror rivojlanish va izchil taraqqiyotini ta’minlash uchun umumiy sa’y-xarakatlarni birlashtirish imkonini beradi.
Bu o‘z navbatida, Hamdo‘stlikning ko‘p qirrali hamkorlikning ta’sirchan mexanizmi sifatidagi yashovchanligini, uning yangi hayotiy reallikka moslashishga tayyorligini, MDH ishtirokchi-davlatlari aholisi farovonligi, yashash darajasi va sifatini uzluksiz oshirib borish yo‘lidagi umumiy sa’y-xarakatlarini tasdiqlaydi.
Umuman olganda, O‘zbekiston Hamdo‘stlikdagi ishtirokini faollashtirib, o‘zining ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning jonkuyar va faol tarafdori ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi. Mamlakatimizning Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi maydonida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy sheriklikni rivojlantirish, barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha sa’y-xarakatlarni birlashtirish maqsadining ishtirokchi-davlatlar tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi esa O‘zbekistonning MDH davlatlaridagi raisligi doirasida erishgan katta yutuqlarining e’tirofidir.