Joriy yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Muvofiqlashtirish-maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kengash faoliyati ichki va tashqi siyosatni amalga oshirish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutini axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xavfsizliki ta’minlash, Institutning mamlakatimizni barqaror rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan ishlariga ko‘maklashishga qaratilgan. Kengashning asosiy vazifasi – respublikamizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari, axborot-tahlil markazlari va ta’lim tuzilmalari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.
Xususan, yig‘ilishda davlat siyosati va ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga jalb qilingan 40 dan ziyod vazirlik va idoralarning yetakchi olimlari, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining direktori Eldor Aripov yig‘ilishni ochib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar nuqtai nazaridan, sifatli ilmiy tadqiqotlarga talab katta ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
Masalan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar yangiligi va ko‘lami bo‘yicha murakkab maqsad va vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Bu maqsadlarga zamonaviy, ilmiy asoslangan izchil yondashuvlardan samarali foydalanish va uyg‘unlashtirish orqali erishish mumkin.
Tadbir doirasida Institutning direktor o‘rinbosarlari va yetakchi ekspertlari tomonidan erishilgan natijalar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi, mamlakatning tashqi va ichki siyosatini axboriy-tahliliy kuzatish sohasidagi faoliyat yakunlari, Institut zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishdagi mavjud qiyinchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
SMTI huzuridagi Muvofiqlashtirish-maslahat kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti islohotlari dasturini amalga oshirishda ekspert hamrohligi va qo‘llab-quvvatlashini ta’minlashga qaratilgan tahiliy markazlar, vazirlik va idoralar, ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari, ta’lim va ilmiy muassasalarning hamkorlik qilishi uchun ishchi maydonchasi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Shu bilan birga bugungi kunda Kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga davlat va jamiyat qurilishining turli sohalarida innovatsion g‘oyalarni berishi, bu boradagi “nou-xau” lardan foydalanishda takliflar ishlab chiqish bo‘yicha yordam ko‘rsatishi ham kerak.
Shuningdek, yig‘ilish qatnashchilari qo‘shma ish uslublari va formatlarini tashkillashtirish masalalari, istiqbolli ilmiy tadqiqotlar va amaliy tadqiqotlarning dolzarb mavzularini muhokama qildi, Muvofiqlashtirish-maslahat kengashining 2021 yilgi Ish rejasini tasdiqladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar birgalikdagi sa’y-harakatlar ilmiy-tahliliy ishlarga yangicha turtki berib, davlat organlarining sifatli tahliliy mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga imkon beradi, deb ishonch bildirdi. Bu davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarga ijobiy hissa qo‘shadi.