Skrining tekshiruvi bemorlarni davolashga ko‘maklashadi
Sirdaryo viloyatidagi Guliston tibbiyot klasterida “Qandli diabet skriningi va monitoring olib borish” mavzuida seminar-trening o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 26 yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Sevara Faxrutdinova ishtirok etib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, u yerda faoliyat olib borayotgan oilaviy shifokorlar tomonidan qandli diabet va diabet oldi holatining oldini olish bo‘yicha 40 yoshdan oshgan bemorlar, ularning salomatlik ko‘rsatkichini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan skrining tekshiruvi natijalariga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024 yil 27 martdagi “Aholi orasida kasalliklarni erta aniqlash, skrining dasturlarini samarali o‘tkazish, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha manzilli sog‘lomlashtirish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha shtablar tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida ishni tashkil etish, yetkazib berilgan glyukometr va test yaproqchalaridan maqsadli foydalanish yuzasidan tavsiya va maslahatlarini berdi.


– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har 100 kishidan 9-10 nafari qandli diabet bilan kasallangan bo‘lishi mumkin, – dedi trening mashg‘ulotlarida ishtirok etgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Yusuf Mirxonov. – Bizda bu ko‘rsatkich har 100 kishiga 3-4 nafarni tashkil etmoqda. Bemorlar kasallikning asoratlari yuzaga chiqqandan keyingina shifokorga murojaat qilmoqda. Bunday vaziyatda bemorni sog‘lom hayotga qaytarish ancha murakkablashadi va kasallik davom etishi oqibatida tez fursatda nogironlik yoki o‘lim holati kuzatilishi mumkin. Skrining o‘tkazishdan asosiy maqsad esa, kasallikni yashirin davri yoki erta bosqichda aniqlash, asoratlarining oldini olish va bemorning hayot sifatini yaxshilash. Ayniqsa, skrining natijasida diabet oldi holati aniqlangan bemorlarni to‘liq tuzatish imkoni mavjud. Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad patronaj hamshiralarga aholi o‘rtasida qandli diabetga moyilligi bo‘lgan fuqarolarni saralash, ularning qonidagi qand miqdorini glyukometr yordamida to‘g‘ri o‘lchash, natijalarni tahlil qilish, xavf omili mavjud bo‘lganlarni tibbiyot muassasasiga yo‘naltirishdir.
Seminar-trening shahar, tuman tibbiyot birlashmalariga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokorlik punkti tibbiyot xodimlari faoliyatida nihoyatda foydali ekanligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri