“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli Janubiy kon boshqarmasi “Zarmitan” konida zamonaviy konchilik majmuasi – Skipli stvol ishga tushirildi.
Unda so‘zga chiqqan “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov va boshqalar tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, hayotga tatbiq etilayotgan investitsiya loyihalari samarasi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan muhim investitsion loyihalar yangi konlarni o‘zlashtirish, gidrometallurgiya zavodlarini ishga tushirish, amaldagi korxonalarni modernizatsiyalash orqali ma’dan qayta ishlash quvvatlari, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, Janubiy kon boshqarmasi konlari maydonida amalga oshirilgan “Zarmitan konining quyi gorizontlarini o‘zlashtirish” investitsion loyihasi ham ana shunday istiqbolli loyihalardan biridir. Uning qurilishida Chexiya Respublikasining “Mine Construction Alliance s.r.o.” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
– Mazkur loyiha doirasida diametri 6,5 metr bo‘lgan Skipli stvol chuqurligi 1000 metrga yetkazildi va bu O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoati tarixida yangi bosqichni boshlab berdi, – deydi Janubiy kon boshqarmasi direktori Tolliboy Yuldashev. – Bu ўзининг ilg‘or muhandislik-qurilish, innovatsiya va raqamli yechimlari bilan noyob shaxta stvoli hisoblanadi. Bu loyihada xorijiy hamkorlar bilan birga “NKMK” AJ va Janubiy kon boshqarmasi vakillari, Zarafshon qurilish boshqarmasi, “Sanoatelektromontaj” tresti quruvchilari faol ishtirok etdi. Bu stvol ishga tushirilishi ma’dan tashish unumdorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish bilan birga 90 ta yangi ish o‘rni va korxona uchun qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini berdi. Undan keladigan yillik iqtisodiy samaradorlik 19,2 milliard so‘m, deb baholanmoqda.

Shaxta stvollari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida to‘liq raqamlashtirilgan. Butun faoliyati markaziy operatorlik pulti orqali boshqariladi. Ular yordamida ish jarayonlari doimiy kuzatilib, yuk tashish aniq hisob-kitoblar orqali monitoring qilib boriladi. Bundan tashqari, ogohlantiruvchi signallar orqali har qanday holatning oldini olish imkoniyati ham mavjud.
– Skipli stvol – yer osti konlaridan qazib olingan ma’danni yer yuziga ko‘tarish uchun maxsus loyihalashtirilgan vertikal yoki qiya shaxta qudug‘idir, – deydi “NKMK” AJ bosh muhandisi Atabek Ravshanov. – Uning asosiy vazifasi – yukni tez, samarali va xavfsiz tashishdan iborat. “Zarmitan” konining turli yerosti gorizontlarida qazib olinayotgan tog‘ jinslari endi 240-gorizontda yig‘ilib, ma’dan markazlashgan holda Skipli stvol orqali yer yuzasiga tashib chiqariladi. Uning foydalanishga topshirilishi nafaqat texnologik yuksalish, balki respublikamiz kon-metallurgiya sanoatida muhim o‘zgarishlardan biri, zamonaviy muhandislik namunasidir. Bundan keyin ham sohaga bu kabi ilg‘or, zamonaviy texnologiyalarni joriy etib borish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qolaveradi.

Mazkur loyiha Skipli va Klet stvollaridan iborat. Skipli stvolda ikkita 20 tonnalik bunker mavjud. Ular faqat tog‘ jinslarini yer yuzasiga chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, bir sutkada 3835 tonna ma’dan yer ostidan yer yuzasiga olib chiqilsa, bir yilda bu ko‘rsatkich 1,4 million tonnani tashkil etadi. Yer yuzasiga chiqarilgan ma’dan 4-gidrometallurgiya zavodiga qayta ishlash uchun yetkaziladi. Klet stvoli esa ishchi-xizmatchilar va kerakli jihozlarni yerosti gorizontlariga olib tushish hamda olib chiqishga mo‘ljallangan.
Shuningdek, ushbu qurilmalar har jihatdan xavfsiz va tejamkor. Tahlillarga qaraganda, 60 tonna tog‘ jinslarini 3 ta avtoavtoag‘dargichda yer yuzasiga olib chiqish uchun uch soat vaqt, shu bilan bir qatorda, yerosti texnikalari, yoqilg‘i-moylash materiallari va boshqa xarajatlar talab etadi. Skipli stvolga o‘rnatilgan 20 tonnalik bunkerlar orqali esa 60 tonna tog‘ jinslarini yer yuzasiga olib chiqishga atigi 8-10 daqiqa vaqt ketadi. Shuningdek, ushbu qurilma elektr energiyasi hisobiga ishlagani bois, ekologik jihatdan atrof-muhitga mutlaqo salbiy ta’siri yo‘q. Natijada vaqt sarfi va yoqilg‘i materiallari 60-70 foizgacha iqtisod qilinadi.

Tadbirda shaxta qurilishida faol ishtirok etgan bir guruh soha ilg‘orlari Navoiy kon-metallurgiya kombinatining turli darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlari va sovg‘alari, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining faxriy yorliqlari hamda Samarqand viloyati hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Tadbir xalqimizning sevimli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan quy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri