Sizga «pul mukofoti yutib oldingiz», deyishsa...
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Xatirchi tumani sudining ochiq sud majlisida, ijtimoiy tarmoqlar orqali «pul mukofoti yutib oldingiz», deb fuqarolarni aldagan firibgarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Xavfli retsidivist, 1999 yilda tug‘ilgan Alisher Qo‘chqorov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 11 iyun kuni o‘zining qo‘l telefoni orqali telegram tarmog‘ida "Agrobank INFO (bot)“ nomli guruh tashkil etib, ushbu guruhga a’zo bo‘lgan J.Rustamovga 500.000 so‘m pul yutgani to‘g‘risida soxta ma’lumot yozadi.
Ishonchiga kira olgan «mijoz»ning plastik karta raqami va maxfiy kodini yuborishi lozimligini, pul ko‘chirib berilishi to‘g‘risida soxta tasavvur uyg‘otadi.
So‘ng J.Rustamovning tanishi Sh.Norovga tegishli bo‘lgan ATB «Agrobank» Xatirchi tumani filiali tomonidan ochilgan plastik kartasining maxfiy kodlarini olishga erishadi.
Shu tariqa ushbu plastik kartasida bo‘lgan 2.884.350 so‘m miqdordagi pullarni o‘zining “Qiwi” nomli elektron hisob raqamiga ko‘chirib olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab moddiy zarar yetkazgan.
Sud, A.Quchqorovning jinoyati ijtimoiy xavflilik darajasini, aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligini inobatga olib, Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismi «b» bandiga ko‘ra aybli deb topdi.
Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilu 10 oyga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Habibulla To‘xtayev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Xatirchi tuman sudining sudyasi