Kuzatuv
Kibrni sindirish uchun jamoat transportida yurib turish kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi videolarga ko‘zingiz tushgandir.
Aslida ham shundaymi, manmanlikka berilib ketmaslik uchun jamoat transportlariga chiqib turish kerakmi?
Bu savolni o‘rtaga tashlab, kimningdir hashamatli avtomobili borligi yoki yana kimningdir samolyotga chiqayotganini izohlovchi bunday videolarini tahlil qilish niyatidan yiroqmiz.

Masala shundaki, bu gapda jamoat transportidan foydalanadiganlar puli kam, nisbatan qiynalgan qatlam degan ohang borday tuyuladi. Odamlar rostdan ham puli kamligi uchun avtobus yoki metro xizmatidan foydalanadimi?
Savolga javob qidirdik. Poytaxtdagi avtobuslar va metroda yurib, yo‘lovchilar bilan suhbatlashdik. Buning natijasini quyiroqda batafsil keltiramiz.
Jamoat transportining rivoji aholining kundalik hayotiga daxldor masala sanaladi. Tizimga bo‘lgan talabning o‘sib borayotganidan kelib chiqib, mamlakatimizda uni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani juda muhim.

Birgina misol, keyingi yillarda poytaxt hududi har tomonlama kengaydi. Doimiy va vaqtincha yashovchilar, sayyohlar, talabalar soni oshdi. Oldinlari shaharda kuniga sakkiz yuz ming atrofida yo‘lovchi jamoat transportidan foydalangan. Bugun bu ko‘rsatkich bir million uch yuz ming nafardan oshgan. Shu bois avtobuslar sonini ko‘paytirish, kutish vaqtini qisqartirish, metropolitenni rivojlantirish kabi jihatlarga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bu tizim davlat rahbarining doimiy e’tiborida desak xato bo‘lmaydi. Yaqinda, aniqrog‘i 19 may kuni ham Prezidentga Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi.
Shu o‘rinda bu borada keyingi yillarda erishilgan ba’zi natijalarga to‘xtalish o‘rinli. Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida metropolitenda yangi yo‘nalishlar qurilmoqda.
Yunusobod yo‘li Turkiston bekatigacha, Chilonzor yo‘li Sergeli tumanigacha uzaytirilganidan aholi mamnun. Bu bilan Toshkentda yerusti metrosi ham paydo bo‘ldi. Bu haqda gap borganda Do‘stlik bekatidan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqasi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.
Bu yangi yo‘nalishlar poytaxtimizning Yunusobod, Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarini bog‘ladi. Natijada aholining kundalik qatnovi uchun o‘ziga xos qulaylik yaratildi.
– Toshkent shahri jamoat transportida metropolitenning o‘rni juda katta, – deydi O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov. – Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari yil boshida shu soha rivojiga aloqador aniq rejalar taqdimotini tayyorlashimiz bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Endi metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Bu bo‘yicha o‘tgan avvalgi muhokamalarda Prezidentimiz oldimizga loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani ikki bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Dastlab Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumani Feruza dahasigacha mavjud temir yo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi. Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Poytaxtning Pushkin va Buyuk ipak yo‘li metro bekatlari, Toshkent traktor zavodi dahasi tomonlariga viloyatdan bir kunda ming-minglab avtotransport kirib keladi. Bu bilan juda katta yo‘lovchi oqimi paydo bo‘ladi. Oqibatda bugungi kunda shaharning shu tomonida tirbandliklar nisbatan yuqori. Ma’lumotlarga ko‘ra, rejalashtirilgan yangi yo‘nalish sakson besh ming nafar yo‘lovchini qamrab olishi mumkin.
So‘zimiz boshida poytaxtdagi jamoat transportlarida yo‘lovchilar bilan suhbatlashganimiz haqida gapirgan edik.
Suhbatdoshlarimiz orasida haqiqatdan daromadi ancha kamligini, jamoat transportida yurish ularga tejamkor bo‘lish uchun yordam berayotganini ta’kidlaganlar ham bo‘ldi. Lekin ko‘pchilik masalaga boshqa jihatdan yondashdi.
– Shaxsiy yengil avtomobilim bor, – deydi metro yo‘lovchisi Toshtemir Muhammadaliyev, – Sergelidan Yunusobodga ishga qatnayman. Metro men uchun eng qulay va arzon transport. Tirbandlikda qolmayman, vaqtim tejaladi. Vagonlarda sharoitlar yaxshi. Eng muhimi, ishxonaning atrofidan mashinamni qo‘yish uchun joy qidirish tashvishi meni bezovta qilmaydi. Shaxsan men jamoat transportidan odamlar faqat puli kamligi uchun foydalanadi deb o‘ylamayman.
Darhaqiqat, ko‘p yillar davomida avtomobilga muvaffaqiyat belgisi sifatida qarab kelindi. Bu tushuncha tasavvurimizga qattiq o‘rnashgan. Aslida bugun ko‘p narsa o‘zgardi. Transport oddiy harakat vositasiga aylandi.
– Yoshim ikki kam saksonda, – deydi avtobus yo‘lovchisi Qodir bobo Rasulxonov. – Ko‘p yillar haydovchilik qilganman. Mashina boshqarishdan zavq olaman, lekin bu yoshda menga avtobus qulay. Mana atrofga qarang, qancha talaba o‘g‘il-qizlarimiz manziliga yetib olyapti. Gaplashib, fikrlashib ketyapti. O‘zim bu yerda kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Tashqari juda issiq – qaynayapti. Salonda havo harorati past. To‘g‘ri, besh-olti yil oldin bu sohada ham muammolar ko‘p edi. Mana, hozir hammasi izga tushib boryapti. Nima demoqchiman, bugun jamoat transporti qulay bo‘lgani uchun foydalanayotganlar soni ortmoqda.
Bekatda, avtobusda, metro vagonlarida turganlarni kuzatamiz. Ularni atrofidagilarga befarq bo‘lmagan insonlar deb atagimiz keldi. Ularni vaqt va mablag‘ni samarali boshqara olayotganlar sifatida ko‘rdik.
Jamoat transporti madaniyat va oqillik ramzi, odamlarning bir-biriga hamda tabiatga ko‘mak berishga intilishi belgisiga aylanishi kerak.
Keltirilgan raqamlar, bildirilgan fikrlar bu soha muammolardan to‘liq holi degan ma’noni anglatmaydi. Muhimi mavjud masalalar tahlil qilinib, bosqichma-bosqich hal etilmoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri