“Siz endi kerak emassiz”: Yangi yil suratlarini chizgan rassomning achchiq taqdiri
Qorqiz olmaxonlarni konfet bilan siylamoqda, ayiqcha va quyoncha filchani chang‘ida uchishga o‘rgatmoqda, gnomlar archaga chiqib olib, o‘yinchoqlarga qo‘l uzatmoqda... Odamlarga quvonch hadya etgan, ayrimlar uchun nihoyatda qadrli bo‘lib qolgan pochta varaqalarida aks etgan ushbu suratlar muallifi Vladimir Zarubin ekanligini ko‘pchilik bilmasa kerak. O‘z davrida u chizgan suratlar 1,5 milliarddan ortiq nusxada konvert shaklida nashr etiladi, ammo rassom deyarli qashshoqlikda vafot etadi.
“Olma”li ot
Vladimir Zarubin 1925 yilda Rossiyaning Oryol viloyatidagi “Andrianovka” qishlog‘ida tug‘ilgan: u oilada uchinchi farzand edi. Katta o‘g‘il Veniamin texnika bilan mashg‘ul bo‘lishni yaxshi ko‘rardi, o‘rtanchasi Andrey she’r yozardi, Volodya esa rasm chizishni yoqtirardi. Besh yoshli rassomning eng birinchi “asari” kattalarni hayratga soladi: albom varag‘ida yugurayotgan olmali ot tasvirlangan edi. Surat qo‘ldan-qo‘lga o‘tardi, hamma bolakayni maqtashardi... Hayvonlar va hazil-mutoyiba Zarubin ijodida butun umr asosiy mavzu bo‘lib qoldi.

Volodyaning bolaligi baxtli o‘tdi: oilada hamma bir-birini yaxshi ko‘rardi, ota-onasi farzandlarining har qanday tashabbusini qo‘llab-quvvatlardi. Ammo 1941 yilda ertak tugadi: urush boshlandi. Afsuski, ikkinchi jahon urushi kezlari taqdir charxpalagi bilan Zarubinlar oilasi dunyo bo‘ylab tarqalib ketadi. Katta o‘g‘illar frontga, kichigi esa asirga olinib, qishloqdoshlari bilan birga Germaniyadagi bolalar lageriga yuboriladi.
Volodya uchunbu haqiqiy do‘zax edi: yigit qiynoqlarazobini boshdan kechirdi, o‘limgacha bir bahya qoldi xolos: faqat mo‘jiza tufayligina Zarubinni otib tashlashmadi. Nihoyat, 1945 yilda barcha asirlar ozod etildi. Vladimir uyiga qaytib, zavodga ishga kirdi. Kechki maktabga, so‘ngra universitetga o‘qishga kirdi va albatta rasm chizishni davom ettirdi. U zavodda rassom, navbatchi usta, yaroqsiz mahsulotlarni aniqlovchi, chilangar, hattokranchi bo‘lib ham ishladi. Balki g‘ayrioddiy kasblar to‘plami shu bilan tugamagan bo‘lardi-yu, ammo bir kuni Zarubin bir e’longa ko‘zi tushdi: “Soyuzmultfilm” studiyasiga multiplikatorlar kurslariga tinglovchilar qabul qilinadi”.
Vladimir zavodni ikkilanmasdan tark etdi: u umrining oxirigacha tashviqot plakatlarini chizish niyatida emas edi. Tez orada uning butunlay boshqa hayoti boshlandi.
“Bremen musiqachilari”dagi izquvar
Zarubin studiyaning boshqa rassomlari bilan birgalikda jami 103 ta multfilm uchun suratlar chizgan. Ayniqsa, uning “Maugli” va “Bir daqiqa kutib turing” multfilmi uchun chizgan rasmlari ancha ommalashdi. Aynan Vladimir “Bremen musiqachilari”dagi izquvarni o‘ylab topgan. Mashhur “Nu, pogodi!” multseriali ham Zarubin ishtirokisiz bo‘lmagan: u dastlabki ikki qism ustida ishlagan jamoa tarkibida edi.
Studiyada u eng yaxshi multiplikatorlardan biri hisoblanardi. Faqatgina bu unga qanchalik qimmatga tushayotganini hech kim bilmasdi. Keyinchalik, Vladimirning o‘g‘li aytib berishicha, otasi bor kuchini sevimli ishiga bag‘ishlagan. Ammo ish juda murakkab edi: ikki o‘t orasida yashashga to‘g‘ri kelardi.

Bir tomondanZarubinni ijodkor odamlar o‘rab turardi, ularning har birining o‘ziga xos g‘alati odatlari bor edi. Boshqa tomondan esa — yuqoridan rejalar va qoidalar tushirilardi, stol doimo yuk xatlari va ijro hujjatlari bilan to‘la edi. Achinarlisi, studiyada yuqori martabali ota-onalarning iste’doddan butunlay mosuvo, ammo o‘zlarini daho deb hisoblaydigan bolalari ham bor edi.
Vladimir pochta varaqalarida aks etgan suratlarni tasodifan chiza boshlagan. Multiplikatorning rejalar va qat’iy muddatlarga to‘la asabiy hayoti uni holdan toydirardi. Shunda rassom bir vaqtning o‘zida sevimli ishi bilan shug‘ullanishga va murakkab ishdan chalg‘ishga imkon beradigan xobbi topishga qaror qildi.
Zarubinning pochta varaqasi uchun chizgan birinchi surati 1962 yilda ko‘plab mashhur markalari muallifi Yuriy Ryaxovskiy tahriri ostida chiqdi. O‘shandan beri Vladimir shunday yashadi: kunduzi studiyada ishladi, tunlari esa o‘zining quyonchalari, qorbo‘ronlari va olmaxonlarini o‘ylab topib, chizardi.
Suratlarning mafkuraviy yaroqliligini aniqlaydigan komissiya a’zolarini Zarubinning ishlari ko‘pincha boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yardi. Ular rasmlarni doimo davr nuqtai nazaridan tahlil qilishardi: “O‘rmonda “Au!” deb baqirayotgan ayiqni qayerda ko‘rgansiz?”, “Itlar ikki oyoqda yuradimi?”... Bunday tanqidlar albatta faqat Zarubinga qaratilmagan edi: undan oldin Korney Chukovskiyning ertaklariga “yopishishgandi”. Mavjud mafkuraviy tuzum ko‘plab ijodkorlarga xalaqit berardi go‘yo, shu sababli Zarubinning rasmlari ham ko‘pincha chop etilmay qolib ketardi.

Rad javoblariga duch kelgan rassom har safar xafa bo‘lardi. U uchun hayvonchalar tirik, haqiqiydek edi. Bir safar uni qishda tipratikan o‘z juftiga xo‘rozqand sovg‘a qilayotgan suratni qayta chizishga majbur qilishdi. Bahona kulgili edi: “Yetik kiygan tipratikanni qayerda ko‘rgansiz?”.
Badiiy kengash qat’iy talab qo‘ydi: yo poyabzal yo‘qoladi, yo surat nashr etilmaydi. Vladimir rasmni qayta chizdi, lekin tipratikanga shunchalik rahmi keldiki, ko‘ziga yosh oldi, axir qorda yalangoyoq turish sovuq-ku! Va rassom sovqotmasin deb uning bir panjasini ko‘tarib qo‘ydi...
Yillar davomida u chizgan suratlar kishilar hayotining ajralmas qismiga aylanib qoladi. Rassomning ismini kam odam bilar edi, lekin hamma uning kichkina ijod asarlariga mahliyo edi. Shu bilan birga, uning minnatdorchilik xatlari yuboradigan muxlislari ham bisyor edi. U har biriga javob yozar va doim xat oluvchini xursand qiladigan so‘zlarni topishga harakat qilardi. Rassomning fe’l-atvori o‘z asarlarida ko‘rinib turardi: samimiy, ochiq, juda mehribon. Hayotda ham V.Zarubin aynan shunday odam edi.
“Sizning ishlaringiz endi kerak emas”
Tez orada Zarubin xobbi o‘rniga yana bir asabiy “ish” orttirib olgani ma’lum bo‘ldi: ertaknamo syujetlar haqidagi tanqidlarni eshitish unga og‘ir va yoqimsiz edi. Rassom deyarli kecha-yu kunduz ishlardi, ammo sevimli mashg‘ulotlarining hech biridan voz kecha olmasdi. 1973 yilda u birinchi infarktni boshdan kechirdi. Shundan so‘ng, Zarubin studiyada kamroq ko‘rinadigan bo‘ldi, o‘z uyida ishlashni afzal ko‘rdi. Vaqt o‘tib, butunlay ishdan bo‘shadi va pochta miniatyuralariga o‘tdi.
1990 yillarda rassom yana og‘ir sinovlarga duch keladi. Hayot shiddat bilan o‘zgarardi, 70 yoshda yangi zamonga moslashish oson emasdi. Zarubin rasm chizishni davom ettirdi: o‘zi uchun — manzaralar, pul ishlash uchun — otkritkalar. Uning o‘g‘li o‘z xotiralarida aytishicha, otasining ishlari doimo talabgir bo‘lishda davom etgan. Zarubin bilan hamkorlik qilgan kichik nashriyot uning sharofati bilan oyoqqa turib olgandi. Ammo u yerda rassomga juda yomon munosabatda bo‘lishardi: gonorarlarni kechiktirishar va uning ishlari endi hech kimga kerak emasligiga, suratlarni shunchaki qariya rassomga rahmlari kelganidan olayotganliklariga ishora qilishardi.

Kunlar o‘tib Zarubinga umuman pul to‘lamay qo‘yishdi, biroq yangi rasmlarni talab qilishda davom etishdi. Bir yil davomida u hech qanday gonorar olmadi. Kutishdan charchab, oxiri qo‘ng‘iroq qildi va javoban shunday so‘zlarni eshitdi:
– Sizga pul to‘lamoqchi ham emasmiz, firma bankrot bo‘ldi!
Aynan shu suhbatdan so‘ng rassom uchinchi marta infarkt bo‘ldi va xotini hamda o‘g‘lining qo‘lida jon berdi. Rafiqasi undan keyin atigi bir yil yashadi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, nashriyot o‘z faoliyatini davom ettirgan ekan...
Zarubin tomonidan chizilgan suratlar bugungi kunda ham qadrli. Ba’zilari noyob va juda qimmat hisoblanadi. Uning har qaysi chizgan suratiga e’tibor bersangiz, bayram muhitiga sho‘ng‘iysiz: olmaxonlar kulmoqda, quyonlar qo‘shiq aytmoqda, ayiq gitara chalmoqda, Qorbobo va qorqiz sovg‘alar ulashmoqda... Zarubin o‘z hayvonchalarini chizar ekan, bu odamlarning bir oz bo‘lsa-da, mehribonroq bo‘lishiga yordam berishiga umid qilgan.
O‘.Alimov tayyorladi.
O‘zA