Siz bizga keraksiz!
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Mamlakatimizda yiqilganni suyish, o‘ksik ko‘ngillarni ko‘tarish, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarga yordam qo‘lini cho‘zish elimizga xos azaliy qadriyatlardan hisoblanadi.
Namangan shahridagi “Royal” tantanalar majmuasida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda sana munosabati bilan tashkil etilgan “Siz bizga keraksiz!” nomli tadbirda ham xalqimizning muruvvatli fazilati yana bir karra o‘z ifodasini topdi.


Tadbirga nogironligi bor kishilar, ko‘zi ojizlar, kar va soqovlar jamiyatlari a’zolari, baynalmilal jangda aziyat chekkan hamyurtlarimiz, mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar taklif qilindi. “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Namangan viloyati vakilining birinchi o‘rinbosari Obidxon Ikromov Prezidentimizning yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament qo‘shma palatalari majlisidagi nutqida yurtimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ehtiyojmand va nogironligi bor fuqarolarga moddiy, ma’naviy madad ko‘rsatish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilangani inson qadrini ulug‘lash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidan dalolat ekanligini ta’kidladi.


– Men uchun imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Buning tub ma’nosini anglash hayotimda as qotadi, – deydi Pop tumani To‘da qishlog‘ida yashovchi birinchi guruh nogironi Nargiza Tojihaydarova. – Aravacha o‘tirish, bu hammasi tugadi, degani emas. Shukr, hunarim bor, chevarchilik qilaman, pishiriqlar pishirib, buyurtmachilarga yetkazaman. Yozgi mavsumda turistlarga xizmat ko‘rsatish uchun oshxonani ijaraga olib, mazali taomlar tayyorlayman.
Tadbir yakunida, “Vaqf” fondi mablag‘lari hisobidan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va maxsus buyumlar taqdim qilindi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA