Sirtdan chiqarilgan qaror ham qonuniymi
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (izoh: keyingi o‘rinlarda FPK deb yuritiladi) 26-bobi, 280-292-moddalari sirtdan ish yuritish tartibiga bag‘ishlangan.
Mazkur Kodeksning 280-moddasiga muvofiq, sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan, kelmaganligining uzrli sabablari borligi haqida xabar bermagan va ishni uning ishtirokisiz ko‘rish to‘g‘risida so‘ramagan taqdirda, agar da’vogar bunga e’tiroz bildirmasa, ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin.
Ishni bunday tartibda ko‘rish haqida sud ajrim chiqaradi (ushbu ajrim ustidan shikoyat berilmaydi, shu sababli mazkur ajrim bu haqda qayd qo‘yilishi lozim). Javobgar tegishli tarzda xabardor qilinganligi haqida ishda ma’lumot bo‘lishi kerak.
Ishda bir nechta javobgar ishtirok etgan va sud majlisiga barcha javobgarlar kelmagan taqdirda, ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin.
Sud majlisiga kelgan da’vogar ishni javobgar ishtirokisiz sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishga rozi bo‘lmasa, sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi va kelmagan javobgarga yangi sud muhokamasining vaqti va joyi haqida takroran xabar yuboradi.
Tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga takroran kelmasa, sud da’vogarning fikridan qat’i nazar, ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘radi (FPK 281-moddasi).
Ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilganida sud ishdagi mavjud dalillarni tekshirish bilan kifoyalanadi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlari va iltimoslarini e’tiborga olib, hal qiluv qarori chiqaradi, bu hal qiluv qarori sirtdan chiqarilgan deb ataladi.
Da’vogar tomonidan da’voning predmeti yoki asosi, da’vo talablari miqdori o‘zgartirilganda sud mazkur sud majlisida ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishga haqli emas. Bu holda ishni ko‘rish da’vo arizasini da’vo predmeti yoki asosi, da’vo talablari miqdori o‘zgartirilgan holda javobgarga topshirish uchun keyinga qoldiriladi.
Agar sud majlisiga kelmagan javobgardan ishni uning ishtirokisiz ko‘rish haqida ariza kelib tushsa, ish sirtdan ish yuritish tartibida emas, umumiy tartibda ko‘rilishi lozim (FPK 282-moddasi).
Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuni ushbu Kodeks 253-moddasining qoidalari bilan belgilanadi. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining xulosa qismida ushbu hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish haqida ariza berish muddati va tartibi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
FPKning 284-moddasiga muvofiq, hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasi sud majlisiga kelmagan tarafga ushbu qaror chiqarilgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuborilishi lozim.
Javobgar sirtdan hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga shu hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin o‘n besh kun ichida uni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida ariza berishga haqli.
Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish haqidagi arizaga qo‘yilgan talab va ilova etiladigan hujjatlarga ahamiyat berish lozim. FPKning 286-moddasiga muvofiq, ilova hujjatlar ko‘chirma nusxalari bilan birga sudga beriladi, bundan elektron hujjat tarzida yuboriladigan ariza mustasno. Ariza uchun davlat boji to‘lanmaydi.
Yoxud, FPK 2851-moddasiga asosan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizani taraflar sud majlisiga chaqirilgan holda ko‘rib chiqilishi lozim, shuningdek sud ularga ushbu ariza va unga ilova qilingan materiallarning ko‘chirma nusxalarini yuboradi.
Ariza 10 kun ichida sud majlisida ko‘rib chiqiladi, xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi (FPK 288-moddasi).
Arizani ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha ajrim chiqariladi, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi yoki sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinmaydi yoxud protest keltirilmaydi.
Mazkur holat Oliy sud Plenumining 2019 yil 25 oktyabrdagi 19-sonli “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qarorining 16-bandida o‘z aksini topgan.
FPK 290-moddasiga muvofiq, agar sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishda sud tarafning sud majlisiga kelmaganligiga uzrli sabablar borligini va bu haqda sudni o‘z vaqtida xabardor qilish imkoniyati bo‘lmaganligini hamda taraf sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dalillarni taqdim qilayotganligini aniqlasa, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarori bekor qilinib, ishni mazmunan ko‘rib chiqish tiklanishi lozim.
Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, ish yangidan ko‘rib chiqilganda qabul qilingan hal qiluv qarori sirtdan qabul qilingan deb tan olinmaydi. Javobgar ushbu hal qiluv qarori sirtdan qabul qilingan qaror sifatida qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab, ariza berishga haqli emas.
Luqmon Kadirov,
Buxoro viloyat sudi raisi.
O‘tkir Razikov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Peshko‘ tumanlararo sudi raisi