Sirdaryoliklarga davlat mukofotlari topshirildi
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan taqdirlangan bir guruh sirdaryoliklarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda halol, fidokorona mehnati bilan o‘rnak ko‘rsatgan vatandoshlarimiz qatori viloyatning 34 nafar vakili ham davlatimizning faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 596 nafar sirdaryolik “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoniga loyiq deb topildi.
– Sirdaryoni qanchalik rivojlantirsak, o‘z-o‘zidan mamlakat ravnaqiga ham shunchalik hissa qo‘shgan bo‘lamiz, – dedi viloyat hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayev. – Turmush farovonligi, xalq roziligi yo‘lida qilingan sa’y-harakatlar e’tiboridan chetda qolmaydi. Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol inson bo‘lib voyaga yetishida, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda fidokorona mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizning mehnatlari munosib e’tirof etilgani bizni quvontiradi.
Tadbirda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonda sirdaryoliklar ham faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA