Sirdaryolik paxtakorlar zafar quchdi
Sirdaryo viloyati paxtakorlari joriy yilda paxta yetishtirish bo‘yicha belgilangan rejani oshig‘i bilan bajardi. Bu natija, avvalo, yil davomidagi mashaqqatli mehnat, yerdan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va hosildorlikni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar samarasidir. Ayni paytda dalalarda paxta mo‘l bo‘lib, uni yig‘ib-terib olish ishlari davom etmoqda.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha 75,2 ming gektar maydonga paxta chigiti ekildi. Shundan 50 ming gektarida, ya’ni ekin maydonlarining 66,5 foizida qo‘shqator, 25,2 ming gektarida yoki 33,5 foizida yakkaqator ekish usuli qo‘llanildi. Bu jarayonda hududning tuproq-iqlim sharoiti, suv ta’minoti va ekinlarni parvarishlash imkoniyatlarini inobatga olgan holda ish tashkil etildi.

Paxta maydonlarining asosiy qismida tashqi muhit ta’siriga chidamli xorijiy navlar parvarishlandi. Navlarni tanlashda ularning zararkunandalarga, qurg‘oqchilikka va tuproq sho‘rlanishiga chidamliligiga alohida e’tibor qaratildi.

Paxta terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish va nobudgarchilikning oldini olish maqsadida zarur tashkiliy choralar ko‘rildi. Jumladan, 260 ta terim otryadi shakllantirilib, 310 ta paxta terish mashinasi jalb etildi. Terimchilarni tashish uchun 471 ta transport vositasi, paxtani tashish uchun 648 ta transport vositasi va 1 285 ta tirkama safarbar qilindi.
– Viloyat bo‘yicha har gektardan o‘rtacha 51,8 sentner hosil olish belgilangan bo‘lib, 390 ming 504 tonna paxta yetishtirish rejasi bajarildi. Ayrim fermer xo‘jaliklarida esa hosildorlik viloyatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqori bo‘ldi. Bu, albatta, yerga mehr bilan yondashish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish va ishni to‘g‘ri tashkil etishning samarasidir, – deydi Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Abror Xidirov.



Erishilgan natijalar viloyatda paxta yetishtirish bo‘yicha belgilangan reja bajarilganini tasdiqlaydi. Biroq rejaning uddalangani terim mavsumi yakunlanganini anglatmaydi. Dalalarda hali yig‘ib olinishi lozim bo‘lgan paxta mo‘l, shu bois terim ishlarini izchil davom ettirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
– Viloyat bo‘yicha belgilangan reja bajarildi. Shunga qaramay, dalalarda hali paxta ko‘p. Ayni paytda hosilni yig‘ib olish ishlari davom etmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 190 ta fermer xo‘jaligida 10,5 ming gektar maydonda birinchi terim, 107 ta fermer xo‘jaligida esa 3,3 ming gektar maydonda ikkinchi terim ishlari yakunlanmagan. Endigi asosiy vazifa – dalalardagi hosilni nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, to‘liq yig‘ib olish, – deydi Abror Xidirov.
Buning uchun terim jarayonini samarali tashkil etish, texnika va transport vositalaridan unumli foydalanish, hosilni o‘z vaqtida qabul qilish va tashish ishlarini muvofiqlashtirish muhim. Ayniqsa, ob-havo sharoitini inobatga olgan holda terim sur’atini saqlab qolish va dalalardagi paxtaning nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi.

Sirdaryolik paxtakorlar uchun rejaning bajarilishi marra emas, balki yanada yuksak natijalar sari tashlangan muhim qadam. Zero, dalalarda hali mo‘l hosil bor. Endi har bir chanoqdagi paxtani nobudgarchiliksiz yig‘ib olish, yil bo‘yi qilingan mehnatni qadrli natijaga aylantirish vaqtidir. Chunki dehqon mehnatining haqiqiy samarasi nafaqat yetishtirilgan hosilda, balki uning har bir tolasi nest-nobud bo‘lmay, el dasturxoni va yurt farovonligiga xizmat qilishida namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri