Sirdaryoga navbatdagi koʻmak karvoni yuborildi
Mehr-oqibat, bir-birini qoʻllab-quvvatlash xalqimizga xos anʼanalardir.
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omboridan suv sizib chiqishi tufayli yuzaga kelgan toshqin natijasida jabrlangan fuqarolar uchun andijonliklar tomonidan ikkinchi marotaba insonparvarlik yordami yuborildi.
Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan koronavirus infeksiyasi tufayli joriy etilgan karantin sharoitida boʻlishiga qaramay, andijonliklar favqulodda hodisa yuz berib, Sardoba suv omboridan suv sizib chiqishi natijasida qiyinchilikka duch kelgan yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Sirdaryo viloyatiga oziq-ovqat hamda kiyim-kechak mahsulotlari yuborish ishlari tashkil etilmoqda.
Andijon viloyati hokimligi tomonidan toshqindan talofat koʻrgan sirdaryoliklar uchun oziq-ovqat va nooziq-ovqat maxsulotlari, kiyim kechaklar, sanitar-gigiyenik hamda tibbiy vositalar, birlamchi ehtiyoj uchun zarur boʻlgan anjomlar iborat 17 ta yuk mashinasiga orttilgan, umumiy qiymati 4 milliard soʻm miqdoridagi navbatdagi insonparvarlik koʻmagi kecha oqshom joʻnab ketdi.
Mehr-oqibat, bir-birini qoʻllab-quvvatlash xalqimizga xos anʼanalardir. Sirdaryolik yurtdoshlarimiz boshiga tushgan ushbu ogʻir kunlarda ularni qoʻllab-quvvatlashdek xayrli ishlardan andijonliklar aslo chetda turmaydi.