Sirdaryodagi tabiiy ofat asoratlari bartaraf etilmoqda
Ogʻir vaziyatga tushib qolgan insonlarga koʻmak berish, muhtojlarga mehr-oqibat koʻrsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir.
Tabiiy ofat – suv toshqini tufayli ogʻir vaziyatga tushib qolgan Sirdaryo viloyatidagi qator qishloqlarda tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etish, suv toshqinidan aziyat chekkan aholiga yordam koʻrsatish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash tashabbusi bilan chiqayotgan insonlar, korxona va tashkilotlar safi tobora ortib bormoqda.
“Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati Matbuot xizmatining xabar berishicha, tizimning bir guruh fidoyilari ushbu tashvishni oʻz tashvishi deb bilib, sirdaryoliklarga yordam berish uchun voqea joyiga kelib, aholi punktlarida ishdan chiqqan elektr taʼminoti tizimini tiklash ishlarida yordam bermoqda.
– Kutilmaganda sodir boʻlgan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida shaxsan oʻzim rahbarligimda 25 nafar elektromontyor va tizimning boshqa xizmatlari mutaxassislaridan iborat brigada Sirdaryoga kelib, tabiiy ofat hududlarida aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash borasidagi ishlarga yordamlashmoqda, – deydi “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ bosh direktori Ahadjon Joʻrayev. – Oʻzimiz bilan oʻndan ortiq maxsus texnika vositalarini ham olib kelganmiz. Mana shunday ogʻir kunlarda yurtdoshlarimizni aslo yolgʻizlatib qoʻymaymiz. Nasib etsa, eng qisqa muddatlarda tabiiy ofat hududlarida elektr energiyasi taʼminoti toʻla tiklanadi.
Ogʻir vaziyatga tushib qolgan insonlarga koʻmak berish, muhtojlarga mehr-oqibat koʻrsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir. Bugungi pandemiya, Sirdaryo viloyatida yuzaga kelgan tabiiy ofat xalqimizning ana shu qadriyatlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazmoqda. Sirdaryoliklar boshiga tushgan kulfat Oʻzbekistonning, butun xalqimizning tashvishidir. Shu bois, koʻpdan-koʻp qiyinchiliklarni sabr, matonat va ahillik bilan yengib oʻtgan xalqimiz ushbu sinovdan ham albatta yorugʻ yuz bilan oʻtadi.
Andijonlik elektr energiyasi taʼminoti tizimining fidoyi xodimlari tabiiy ofat oqibatlari toʻla bartaraf etilgunga qadar sirdaryolik hamkasblariga yordam beradi.