Sirdaryoda xususiy tibbiyot rivojlanmoqda
Sirdaryoda keyingi yillarda xususiy tibbiyot muassasalarining soni ortib bormoqda. Bundan besh-olti yil muqaddam viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari soni 55 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 144 taga, shifo o‘rinlari soni esa 1 238 taga yetdi.
Mazkur tibbiyot muassasalarining 113 tasida ambulator, 31 tasida statsionar sharoitda tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Qolaversa, Sirdaryoda zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar hisobiga tibbiy xizmat turi qamrovi oshdi. Kasallikni barvaqt aniqlash, tashxislash va davolashda xususiy tibbiyot muassasalarida ham yangiliklarga qo‘l urilmoqda. Oldinlari xususiy tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turi 50 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib xizmat turlari 135 dan oshib ketdi.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, Guliston shahridagi "Ravshan davolash maskani"da travmatologiya- artroskopiya, urologiya-endourologiya , xirurgik operatsiyalar – enodoxirurgiya va boshqa 100 ga yaqin yuqori texnologiyali davolash va diagnostika usullari yo‘lga qo‘yilgan. "Abror urologiya klinikasi" da 40 ga yaqin erkaklar va ayollar kasalligini yuqori texnologik imkoniyatlardan foydalangan holda jarrohlik usulida davolash imkoniyati yaratilgan.

—Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ulushining ortishiga, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlarining ko‘payishiga sabab bo‘ldi,—deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xususiylashtirish va tibbiy turizmni rivojlantirish shu’basi bosh mutaxassisi Avaz Xudoyberdiyev, —Qolaversa, xususiy tibbiyot muassasalariga litsenziya berish ishlari soddalashtirilgani, qishloq joylarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida yangi tashkil etiladigan mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etilgani ushbu muassasalar faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish imkonini bermoqda.


Davlat tibbiyot muassasalari bilan xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida vujudga kelgan ana shunday raqobat muhiti aholini tibbiyot muassasalariga emas, tibbiyotni aholiga yanada yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutyapti.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri