Sirdaryoda xayrli ishda barcha faol ishtirok etdi
Sirdaryo viloyatida xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Guliston shahar hokimligi va sektor rahbarlari tashabbusi bilan shahar xududidagi 200 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olinib, 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar tarqatildi.
Jumladan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Guliston shahar bo‘limi tomonidan Ahillik, Navbahor va Istiqlol mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi, nogironligi bo‘lgan hamda ijtimoy himoyaga muhtoj fuqarolarning 5 nafariga nogironlik aravachalari topshirilgan bo‘lsa, 30 dan ortiq fuqarolar oziq-ovqat, kiyim-kechaklar bilan siylandi.

– Bu kunni nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsad – nogironlarning ham sog‘lom kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini ta’minlab, barcha uchun ochiq va do‘stona bo‘lgan jamiyat qurishdan iborat ekanidir, – deydi Nogironlar jamiyati Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Muharram Abdurayimova. – Ana shunday jamiyat Prezidentimiz rahbarligida bugun O‘zbekistonda barpo etildi, deb men ishonch bilan ayta olaman. Qarang, ko‘nglida ozgina bo‘lsada insonparvarlik tuyg‘usi bor bo‘lgan biror bir sirdaryolik rahbar, xodim bugungi tadbirdan chetda qolmayapti.Viloyat hokimining “Hech kimni majburlash yo‘q, har bir rahbar, qalb amri bilan nogironlarni ijtimoiy himoya qilishga ixtiyoriy ravishda o‘z hissasini qo‘shishi mumkin” degan taklifiga bugun viloyatda qo‘shilmagan rahbar qolmadi. 2 kundan buyon jamiyatimizning quyi tizimi vakillari bilan uyida yotib qolgan nogironlarga uyma-uy, qolganlariga har bir tuman, shahar va mahallalarda markazlashgan holda sovg‘a-salomlarni yetkazish bilan bandmiz. Prezidentimiz nomidan yetkazilgan sovg‘a-salomlarni qabul qilib olgan nogiron fuqaromizning ko‘zidagi quvonch yoshini aytmaysizmi. Eng quvonarlisi, ularning qalblarida shu jamiyatning teng huquqli a’zosi ekanliklarini, mamlakatimizning ertangi yorqin kuniga ishonayotganini men oddiy so‘zlar bilan yetkazishim amri-mahol.
Guliston shahridagi 4-sektor rahbari, shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rajabov hududidagi Bahor, Ma’naviyat, Madaniyat, Ibrat, Yuksalish va Ulug‘ yo‘l mahallarida istiqomat qiluvchi 50 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan oilalarning xonadonlariga uyma-uy kirib, ularning holidan xabar oldi, sovg‘a-salomlar ulashdi.

– “Xalqaro nogironlar kuni”ga bag‘ishlab o‘tkaziladigan bugungi tadbirlar ham nogironlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashlariga imkoniyatlar yaratish borasida respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada muhtaram Prezidentimiz tomonidan nogironlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, keng jamoatchilikning ham bu savobli ishlarda faolligining yorqin namunasidir, – deydi Guliston shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rajabov. – Mamlakatimizda keng qamrovda amalga oshirgan ana shu xayrli ishga biz ham ozgina bo‘lsada hissamizni qo‘sha olgan bo‘lsak, imkoniyati cheklangan fuqarolarimizning qalbiga ozgina bo‘lsada quvonch, jamiyatimizning ertangi kuniga ishonch tuyg‘usini singdira olgan bo‘lsak o‘zimizni baxtli his qilamiz.
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” aksiyasi Sirdaryo viloyatida davom etmoqda.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA