Sirdaryoda test sinovlariga start berildi
Sirdaryo viloyatida 2026–2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul bo‘yicha test sinovlarining ilk kuni boshlandi. Bugun, 14-iyul kuni start olgan imtihon jarayonlari belgilangan tartib asosida tashkil etildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan test sinovlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tayyorgarlik ishlari oldindan yakunlandi. Imtihon o‘tkaziladigan hududlar zamonaviy talablar asosida jihozlanib, abituriyentlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, xavfsizlik, tibbiy xizmat, jamoat tartibini saqlash hamda texnik qo‘llab-quvvatlash ishlari ham to‘liq ta’minlandi.
Test jarayonlarining adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida viloyat bo‘yicha 100 nafarga yaqin tajribali nazoratchi jalb etildi. Imtihonlar amaldagi tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilingan holda tashkil etilmoqda.
Test sinovlarining birinchi smenasida 1200 nafar abituriyent ishtirok etib, o‘z bilim va tayyorgarligini sinovdan o‘tkazdi. Yoshlar orzu qilgan oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lish yo‘lidagi muhim bosqichni katta mas’uliyat bilan boshladi.
[gallery-30405]
— Test sinovlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida barcha tayyorgarlik ishlari belgilangan muddatlarda to‘liq yakunlandi. Imtihon o‘tkaziladigan hududlar belgilangan talablar asosida jihozlandi, abituriyentlar uchun barcha zarur va xavfsiz shart-sharoitlar yaratildi. Jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun tajribali nazoratchilar, texnik mutaxassislar hamda boshqa mas’ul xizmatlar jalb etildi. Asosiy maqsadimiz — har bir abituriyentning bilimi xolis, adolatli va shaffof baholanishini ta’minlashdir.
E’tiborli jihati shundaki, joriy yilda respublika bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun 677 ming 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 21 ming 101 nafari Sirdaryo viloyatida test topshirishni tanlagan. Viloyatimizda test sinovlari 9 kun davomida tashkil etiladi va 22-iyul kuni yakunlanadi, — deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Alisher Bahromov.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda qabul jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, inson omilini qisqartirish hamda abituriyentlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa bilimli va munosib yoshlarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sirdaryolik minglab yoshlar uchun bugungi kun oddiy imtihon emas, balki kelajak kasbi, oliy ta’lim va orzu-maqsadlar sari tashlangan muhim qadam sifatida tarixda qoladi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA