Sirdaryoda “Temir daftar”dagilarga Yangi yil sovg‘alari ulashilmoqda
Yangi yil arafasida Sirdaryo viloyat hokimligi va prokuraturasi tashabbusi bilan “Saxovat va ko‘mak” fondi hisobidan shahar va tuman hududlarida yashovchi “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 mingdan ortiq oilaga 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklar to‘plami tayyorlanib, har bir xonadonga uyma-uy kirilib, bayram sovg‘alari tarqatilmoqda.
Butun dunyo xalqlari nishonlayotgan Yangi yil kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi. Turli bayram, hayitlar arafasida yetim-yesir, beva-bechora, kambag‘al va ehtiyojmandlar holidan xabar olish, ularga mehr, muruvvat, saxovat ko‘rsatish, xalqimizning azaliy an’analaridandir. Butun respublikamizda bo‘lgani kabi ana shunday savob ish Sirdaryo viloyatida ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

– Hadisu shariflarimizda, kimki bir muhtojning ko‘nglini shod etsa, Kabani obod qilgandan kattaroq savob oladi, deya ta’kidlangan, – deydi Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari I.Mo‘minov. – Yangi yil bayrami arafasida ehtiyojmand kambag‘al oilalarga borib, ularning holidan xabar olish, sovg‘a-salom ulashish ham xayrli ish.
Ushu 8 turdagi yangi yil sovg‘asi to‘plami tarkibida – 5 kilogramm un, 10 kilo guruch, 5 litr o‘simlik yog‘i, 5 kilo shakar, 10 kilogramm makaron, 1 ta atir va 2 ta xo‘jalik sovuni, oziq-ovqat va xo‘jalik mahsulotlari, 10 turdagi erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklar to‘plami tayyorlandi.
Sirdaryo viloyatida bugundan boshlab shu xayrli ishga kirishildi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA