Sirdaryoda “Salomatlik sari 5000 qadam” marafoni
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida 7-aprel — Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan “Salomatlik sari 5000 qadam” marafoni tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va salomatlikni mustahkamlashdir. Marafon doirasida ishtirokchilar 5000 qadam yurib, muntazam jismoniy mashqning inson salomatligi uchun qanchalik muhim ekanini amalda ko‘rsatdilar. Shu bilan birga, turli yoshdagi tibbiyot xodimlari bir-biri bilan fikr almashib, fitnes, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom hayot tarziga oid tajribalarini baham ko‘rdilar.


–Bunday tadbirlar nafaqat jismoniy faollikni oshirishga, balki tibbiyot xodimlari va aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Har bir qadam bu sog‘lom hayotga qo‘yilgan qadamdir,– dedi
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi raisi Akbarxon Mirzaxonov.


Marafon barcha ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi va aholi salomatligini mustahkamlashda bunday chora-tadbirlarning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri