Sirdaryo viloyatida raqamli texnologiyalarni joriy etish, yuqori sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini kengaytirish va IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning olti oyida 130 ta yangi baza stansiyasi o‘rnatilib, 15 ta stansiya modernizatsiya qilindi. Natijada 286 ta aholi punkti 2G aloqa bilan to‘liq qamrab olindi, 3G va 4G mobil internet xizmatlari qamrovi esa 98,3 foizga yetdi.
Shu davrda 1 531 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 15,1 ming kilometrga yetdi. So‘nggi to‘rt yilda 160 mingtaga yetkazilgan keng polosali portlar xonadonlarning 88,3 foizini zamonaviy internet bilan ta’minlash imkonini berdi.
Viloyatdagi 204 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 314 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 153 ta tibbiyot muassasasi va 221 ta mahalla fuqarolar yig‘ini yuqori tezlikdagi internetga ulandi.
Bu haqda Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan “Sirdaryo viloyatida raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish, yoshlarni IT sohasiga jalb qilish va IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Abduqodir Boboyev 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar va istiqbolli rejalar haqida axborot berdi.
So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyati Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlarining yetakchi IT kompaniyalari uchun IT-HUB sifatida rivojlanmoqda. Viloyat delegatsiyasining Malayziya va Filippinga xizmat safarlari davomida Kuala-Lumpurda 250 dan ortiq yirik IT va BPO kompaniyalari ishtirokida ikki marta “Uzbekistan Tech&Services” konferensiyasi tashkil etildi. Shuningdek, 30 dan ziyod kompaniya bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazildi.
[gallery-24767]
Yil boshidan 12 ta korxona IT-Park rezidenti maqomini olib, ularning umumiy soni 56 taga yetdi. Ushbu korxonalarda 480 nafar mutaxassis ishlab, ularning o‘rtacha oylik maosh 2,6 million so‘mni tashkil etmoqda. 2025 yil boshidan 20 milliard so‘mlik IT xizmatlar ko‘rsatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobar o‘sishga erishildi.
Viloyatda 27 ta IT xizmatlar eksportyori faoliyat yuritmoqda. Yil boshidan IT xizmatlar eksporti hajmi 1,3 million dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshdi.
“Raqamli startaplar” dasturi doirasida MyTok, Xaridor, BIYshop.com, Examify, Schoolar, X-Top, Salen Academy, K-Zone va MedMapp kabi 9 ta innovatsion loyiha akseleratsiya dasturiga qabul qilindi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘nalishida 403 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ulardan 37 foizi Davlat xizmatlari markazlari, 63 foizi esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilindi.
Viloyatdagi 1 348 ta korxona va tashkilot edo.ijro.uz tizimiga ulanib, qog‘oz hujjat aylanmasi 90–95 foizga qisqardi. 221 ta mahallada “Raqamli mahalla” platformasi joriy etilib, 1 440 nafar mahalla vakillarining raqamli ko‘nikmalari oshirildi.
Yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga o‘qitish maqsadida Sirdaryo tumanida “IT-shaharcha” faoliyat boshladi. Hozirda unda 208 nafar yosh xorijiy tillar va IT sohasida ta’lim olmoqda. “Bir mahalla — yetti dasturchi” loyihasi doirasida 705 nafar yosh qamrab olinib, ular IELTS va CEFR sertifikatlariga ega bo‘lishdi.
Matbuot anjumani davomida OAV vakillari raqamli sohadagi islohotlar va istiqbolli loyihalar haqida bergan savollariga javob olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri