Sirdaryoda “O‘quvchi reydi” tadbirlari o‘tkazildi
Sirdaryo viloyati prokuraturasi hamda viloyat IIB HPB bilan hamkorlikda Viloyat xududidagi tuman-shaharlarda joylashgan ta’lim muassasalarida “O‘quvchi reydi” tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbir o‘quvchilar davomatini yaxshilash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli jinoyatlarning oldini olish, dars vaqtida voyaga yetmaganlarning internet klublari, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa joylarda bemaqsad yurishlarining oldini olish, tunggi vaqtlarda ko‘ngilochar maskanlarda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning kuzatuvisiz bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir davomida, Guliston shahridagi 7 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Davomat”, “Tig‘”, “O‘quvchi” reydlari o‘tkazildi. Shunda 6-, 7-, 9-sonli maktablarda “Odob ahloq qoidalariga” rioya qilmagan 8 nafar hamda maktab “Ichki tartib intizom” qoidalariga rioya qilmagan 6 nafar o‘quvchi aniqlandi. Shuningdek, Guliston shahridagi 6 ta kompyuter o‘yinlari shoxobchasi o‘rganilganda, Boyovut tumanidagi 29-sonli va Guliston shahridagi 16-sonli maktablarning 3 nafar 8- va 11-sinf o‘quvchilari dars vaqtida o‘yin o‘ynab o‘tirgani aniqlanib, ularning ota-onalariga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Bu boradagi tadbirlar davom etmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA