Sirdaryoda ona-bola klasteri tashkil etildi
Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarini amalga oshirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni, unda belgilab berilgan vazifa va ishlar ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Sog‘liqni saqlash vazirining onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Basitxanova ishtirok etdi.
Soha xodimlari oldida turgan vazifalar va ularning ijrosi masalalari yuzasidan fikr almashildi. Har bir tibbiyot birlashmasi, unga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar negizida 0-18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish, yuqori malakali tibbiy-konsultativ, diagnostika xizmatini ko‘rsatadigan, har jihatdan mukammal bo‘lgan bolalar bo‘limlarini tashkil etish, buning uchun qaysi jihatlarga ahamiyat qaratilishi lozimligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, Guliston shahar tibbiyot birlashmaga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada yangitdan ish boshlagan bolalar bo‘limi imkoniyatlari o‘rganildi. Yaratilgan shart-sharoit bilan tanishib, soha xodimlariga qo‘shimcha tavsiya va maslahatlar berildi. Shu bilan birga Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning 3-qavatida bolalar bo‘limi bilan birga ayollar uchun maslahatxona ham joylashganligi eng to‘g‘ri qaror bo‘lganligini aytib, to‘laqonli ona-bola klasteri tashkil etilganidan mamnun ekanligini bildirdi.

Bu tajribani nafaqat Sirdaryoda, Respublikamizning boshqa hududlarida ham shu tartibda yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
–Eng muhimi Guliston shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil qilingan bolalar bo‘limidek bo‘limlarni barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda may oyining oxiriga qadar tashkil etish, buning uchun esa ularga Guliston shahar tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari tajribasi namuna bo‘lishi kerak, – dedi vazir o‘rinbosari.
Sh. Suyarov,
F. Toshmatov,(suratlar) O‘zA.