Sirdaryoda Ma’naviyat festivali
Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, viloyatning chekka tumanlaridagi mahallalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘ngilochar konsert dasturlari hamda milliy filmlar namoyishlarini o‘tkazish maqsadida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida ma’naviyat festivaliga start berildi.
Bu yilgi festivalni o‘tgan yilgi festivaldan-da ko‘tarinki ruhda tashkil etish uchun poytaxtdan O‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari, madaniyat va san’at namoyondalari Sirdaryoga tashrif buyurdi.

Dastlab mehmonlar Guliston shahridagi ulug‘ shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirishdi. Shundan so‘ng, “Yangi O‘zbekiston fidoyisi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, filologiya fanlari nomzodi, professor Rahimboy Jumaniyozov, falsafa fanlari doktori, professor Sayyora To‘ychiyeva va bir guruh nuroniy va faxriylar mazkur kitob, uning yaratilish tarixi, badiiy ahamiyati to‘g‘risida so‘z yuritdi.


“Ma’naviyat festivali”ning keyingi tadbirlari Yangiyer shahri, Xovos, Sardoba, Oqoltin tumanlarida davom etib, unda aholi va yoshlar orasida kitobxonlik, mehr-oqibat, vatanparvarlik, olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik kabi tuyg‘ularni oshirishga qaratilgan “Vatan madhi” nomli musiqiy konsert dasturlari namoyish etildi, “Mutolaa marafoni”, “Eng ma’naviyatli mahalla” tanlovlari o‘tkazildi, “Ma’rifat tur”, “Ziyolilar forumi”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Oila ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Ma’rifat soati”, “Inson qadri”, “Ajdodlarga ehtirom”, “Ma’naviyat kubogi” kabi tadbirlar tashkil etildi.


–Rosti, bu yil Sirdaryoda o‘tkazilayotgan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ma’naviyat festivali o‘zgacha formatda o‘tkazilmoqda,–deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari Murod Hayitov.–Bunda bevosita Sirdaryo viloyat hokimining yordami katta bo‘ldi. Shunga yarasha festivalni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari ham ko‘ngildagidek tashkil etildi.
Sirdaryoda mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan festivalda, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyondalar qatorida aholi vakillari ham faol ishtirok etib, Vatan, uning ertangi istiqbolini tarannum etyapti.


G‘ulom Primov, O‘zA