Sirdaryoda «Kitobxonlik haftaligi» (+video)
Sirdaryo viloyatida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan «O‘zbekiston – kitobxonlar yurti» shiori ostida o‘tkazilayotgan V Respublika «Kitobxonlik haftaligi» boshlandi.
Haftalik oldidan Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani uyushtirildi. Unda haftalik doirasida amalga oshiriladigan ishlar, rejalashtirilgan loyihalar, adabiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar hamda kitob yarmarkalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Anjumandan so‘ng «Kitobxonlik haftaligi»ning ochilish marosimi o‘tkazildi. Ushbu ma’rifiy tadbirda axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari, yozuvchi va shoirlar, faol yosh kitobxonlar, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohrux Isakulov qatnashchilarni kitob bayrami bilan samimiy tabriklab, tadbirlarning ahamiyati haqida gapirdi. Kitobxonlikni targ‘ib qilish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy dunyoqarashini boyitishda, tafakkurini yuksaltirishda bunday haftaliklar muhim o‘rin tutadi.
[gallery-22949]
Tadbir doirasida arzonlashtirilgan kitob-savdo yarmarkasi, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan ochiq muloqotlar, turli intellektual o‘yinlar va viktorinalar o‘tkaziladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2nJkiH5Fzzo" title="Sirdaryoda «Kitobxonlik haftaligi»" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ma’rifiy tadbirga viloyat “Maqom” ansambli a’zolari ijrosida yangragan kuy va qo‘shiqlar, sahna namoyishlari, viloyat musiqali drama teatri aktyorlari hamda Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi o‘quvchilarining chiqishlari alohida mazmun va fayz bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev(surat, video),
O‘zA muxbirlari