Sirdaryoda issiqlik tizimi yangilanmoqda
Sirdaryo viloyatida so‘nggi yillarda issiqlik ta’minoti tizimini tubdan yangilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uy-joylarda qish mavsumida kuzatiladigan sovuq xonadonlar, issiqlik yo‘qotishlari va hisob-kitobdagi adolatsizliklar yillar davomida aholining eng asosiy e’tirozi bo‘lib kelgani sir emas. Bu muammolar, xususan, Guliston shahrining Bo‘ston mahallasi misolida yaqqol namoyon bo‘lar edi.
Mazkur hududlarda joylashgan 4–5 qavatli uylarning aksariyati 1970–1985-yillarda barpo etilgan bo‘lib, ulardagi ichki issiqlik tarmoqlari — tik va yotiq quvurlar 40–50-yil davomida deyarli yangilanmagan. O‘sha davrda shaharni issiqlik bilan ta’minlab kelgan korxonalar eski uskunalar, yuqori yoqilg‘i sarfi va tarmoqlarning jismoniy eskirishi sabab faoliyatini to‘xtatgan. Natijada aholi yillar mobaynida qish mavsumini individual isitish vositalari orqali, ko‘pincha xavfsizlik va iqtisodiy samaradorlik talablariga javob bermaydigan sharoitda o‘tkazishga majbur bo‘lib keldi.

Muammoni tizimli hal etish yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi «Ko‘p xonadonli uy-joy fondlarini issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «2023–2025 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari muhim huquqiy va amaliy asos bo‘ldi. Aynan shu hujjatlar doirasida Sirdaryo viloyatida markazlashgan issiqlik ta’minotini tiklash va modernizatsiya qilish ishlari jadal sur’atlarda boshlandi.

Guliston shahrining Bo‘ston mahallasida amalga oshirilgan ishlar bu islohotlarning yorqin misolidir. Xususan, mahalla hududida joylashgan 32 ta ko‘p qavatli uy, 1 609 ta xonadon hamda 3 ta ijtimoiy soha ob’ektini issiqlik bilan ta’minlash maqsadida RK–1 yangi qozonxonasi qurilib, 1,4 kilometr zamonaviy issiqlik tarmoqlari tortildi. Shuningdek, mahalladagi yana 20 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 800 ga yaqin xonadonni barqaror issiqlik bilan ta’minlash uchun RK–2 qozonxonasi barpo etildi.

Natijada Bo‘ston va unga tutash mahallalarida joylashgan qariyb 52 ta ko‘p qavatli uyda istiqomat qilayotgan aholi doimiy va barqaror issiqlik energiyasi bilan ta’minlandi. Ilgari har qish faslida isitish muammosi kun tartibidan tushmay kelgan hududda bugun butunlay boshqa manzara kuzatilmoqda.

Eron texnologiyalari asosida energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlangan RK–1 qozonxonasi qurilishi uchun 22 milliard 416 million so‘m, RK–2 qozonxonasi uchun esa 17 milliard 24 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Qurilish ishlari «Osiyo Imkon Servis» va «Guliston Madad Qurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan amalga oshirildi.

Muhimi, ushbu loyihalar hisobiga yiliga 3,5 million kub metr tabiiy gaz hamda 12,8 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejalishi ta’minlanmoqda. Solishtirma tahlil shuni ko‘rsatadiki, avvalgi individual isitish tizimlariga nisbatan yoqilg‘i sarfi sezilarli darajada kamaygan, atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli chiqindilar hajmi esa bir necha barobar qisqargan.

– Ilgari uylarimizning eskiligi sabab yomg‘ir yoqsa, tomdan suv oqar, qishda esa isitish deyarli ishlamasdi. Hozir esa tomlarimiz yangilandi, fasadlar bazalt materiallar bilan qoplandi. Uylar nafaqat chiroyli ko‘rinishga keldi, balki qishda sovuqdan, yozda issiqdan himoya qiladigan mustahkam binolarga aylandi. Eng muhimi, doimiy issiq suv va barqaror issiqlik bor, – deydi «Istiqlol kommunal xizmat ta’mir» boshqaruv-servis kompaniyasi raisi Zamira Zulfiqorova.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, issiqlik ta’minoti tizimidagi eng og‘riqli masalalardan biri ko‘p qavatli uylarning ichki issiqlik tarmoqlari eskirgani edi. Shu bois 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida individual issiqlik punktlari (IIP)ni o‘rnatish, uylarning ichki tik va yotiq quvurlarini to‘liq rekonstruksiya qilish ishlari ham boshlandi.
Jumladan, Guliston shahrining Istiqlol mahallasidagi 20 ta ko‘p qavatli uyning yerto‘lalarini ham issiqlik bilan ta’minlash maqsadida RK-3 issiqlik qozonxonalari qurib bitkazildi va tarmoqlar tortildi. Qolaversa, ko‘p qavatli uylarni yerto‘la qismlariga zamonaviy IIP lar o‘rnatilib, sinovdan o‘tkazildi. Bu esa issiqlikni aniq hisobga olish, iste’molchi va ta’minotchi o‘rtasidagi munosabatlarda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Guliston shahridagi Bo‘ston mahallasida ham bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari bilan yaqindan tanishdi. Davlat rahbari 48 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan infratuzilmaviy loyihalar, yangi qozonxona va issiqlik tarmoqlari qurilishi, muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash ishlari bo‘yicha mutasaddilarga aniq va manzilli topshiriqlar berdi.
– Asosiysi, mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi, mahallalar uyushmasi, tegishli hokimliklar hamda soha mutasaddilari tomonidan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay investitsiya muhitini yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asomiddin Annaqulov.
Ahamiyatlisi, Prezident qarorlari asosida bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 215 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan manzilli dastur shakllantirilgan. Ushbu dastur doirasida uy-joylarning tom va fasad qismlarini ta’mirlash, issiqlik ta’minotini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini to‘liq yangilash hamda mahallalar hududini obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Qisqasi, Sirdaryo viloyatida issiqlik ta’minoti tizimini yangilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar aholining kundalik hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Umuman olganda, hududda amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli islohotlar nafaqat uy-joy fondini yaxshilash, balki fuqarolarning turmushini yengillashtirish, ular uchun qulay, xavfsiz va munosib yashash muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri