Sirdaryoda eng ma’naviyatli mahallalar aniqlandi
Sirdaryo viloyati bo‘ylab Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat festivali” o‘tkazilmoqda.
Festival doirasida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirishga, vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan qator ijtimoiy loyihalar tashkil etilishi belgilangan.
Ana shunday loyihalardan biri – “Eng ma’naviyatli mahalla” tanlovining hududiy bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyat hokimi A. Mahmudaliyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i J. Boltayev, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A. Nuriddinov, Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi I. Valixo‘jayev va boshqalar so‘zga chiqib, jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy yuksalishida eng quyi bo‘g‘in - mahallaning o‘rni, ta’siri beqiyos ekanini ta’kidladilar. Ayni tanlovda esa mahallada ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi qatorida kutubxonaning mavjudligi va undagi kitob hamda kitobxonlar soni alohida inobatga olingani aytib o‘tildi.
[gallery-18415]
Shunday qilib, viloyatda “Ahillik” (Guliston shahri), “Vatanparvar” (Shirin shahri), Z.M.Bobur (Yangiyer shahri), “Sarmich” (Boyovut tumani), “Navoiy” (Oqoltin tumani), “Yangiqishloq” (Sardoba tumani), “Paymard”, (Sayxunobod tumani), Ulug‘bek (Sirdaryo tumani) va “Mustaqillik” (Xovos tumani) MFY “Eng ma’naviyatli mahalla” deb topildi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahallalar raislariga “Tashakkurnoma”, maxsus statuetka va kitoblar to‘plami uchun 10 million so‘mlik vaucherlar topshirildi.
Shahriyor ORTIQBOEV(surat),O‘zA