Sirdaryoda Chavandozlar maktabi tashkil etildi
So‘nggi yillardagi islohotlarda yilqichilik va ot sporti tarmog‘ini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jabhada sport, xizmat otlari yetishtirish, naslchilikni yaxshilash barobarida, tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, otchoparlar, monejlarni xalqaro andozalar asosida qayta qurish ishlari olib borilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar yaqin yillarda milliy yilqichilik va ot sporti dovrug‘ini dunyoga keng yoyishda muhim o‘rin tutadi.
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Dehqonobod” mahallasidagi Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi dala o‘quv bazasi hududida ot sporti (uch kurash, to‘siqlardan sakrash va ot yo‘rttirish), zamonaviy beshkurash, polo hamda uloq-ko‘pkariga ixtisoslashtirilgan Chavandozlar maktabi tashkil etildi.
Prezidentimizning 2021 yil 5 avgusdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ta’lim muassasasida bo‘lg‘usi chavandozlarni tarbiyalash va ularga soha sirlarini chuqur o‘rgatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Mahorat maktabida 10 ta qorabayir zotli ot parvarishlanmoqda. Tez orada otlarning yana 30 boshga ko‘payishi kutilayapti. Mashg‘ulotlarda 100 nafardan ziyod o‘smirlar va yoshlar ishtirok etmoqda.
Sh.Suyarov, O‘zA