Sirdaryoda biznes forum
Gulistonda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” II respublika yosh tadbirkorlar biznes forumining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Gulistonda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” II respublika yosh tadbirkorlar biznes forumining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yosh tadbirkorlar, davlat organlari, tijorat banklari hamda biznes yuritishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Yoshlarda ishbilarmonlik ko‘nikmasini shakllantirish, ularning biznes g‘oyalari, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 100 ga yaqin yosh iste’dodlar turli sohalarda o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi.
– Yosh tadbirkorlarning loyihalarini rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlashda bunday tadbirlarning ahamiyati katta, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Sirdaryo viloyati kengashi koordinatori Sh.Bobojonov. – O‘tgan yilgi forumda taklif etilgan loyihalardan muvaffaqiyatli deb topilganlari bu yil amaliyotga joriy etildi. Jumladan, “Yosh fermer” loyihasi doirasida yosh tadbirkorlarning nizomi ishlab chiqildi. Bugungi forumda ham ko‘plab yangi, qiziqarli loyiha va tashabbuslar taqdim etildi.
Biznes g‘oyalari eng yaxshi deb topilgan 8 nafar ishtirokchi forumning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.