Sirdaryoda bayram tadbirlari boshlandi
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida "Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari boshlandi.
"Yurt bayrog‘i" maydonida boshlangan bayram tadbirlari, "Gullar" festivali, Sirdaryolik hunarmandlar va tadbirkorlar tomonidan namoyish etilgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasiga, milliy urf-odat, do‘stlik va totuvlik, tinch-osoyishta hayotimizni tarannum etuvchi madaniy-ma’rifiy tadbirlarga ulanib ketdi.

- Sirdaryoga kelganimga ko‘p bo‘lmadi, - deydi samarqandlik hunarmand Nasim Ashurov. - O‘sha davrdagi Guliston bilan bugungisi orasida ancha farq bor. Shahar o‘zgargan. Ravon va keng yo‘llar, ko‘kka bo‘ylashgan imoratlar, favvoralar, gulzorga, chamanzorga aylanib borayotgan yangi va yosharayotgan Guliston bir hayratimga o‘n hayrat qo‘shdi.
Shahar tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Yangi turar joy mavzelari, infrastruktura ob’ektlari bunyod etildi. Aholining ijtimoiy ahvoli ham yaxshilandi.

Sirdaryoda millatlararo totuvlik, do‘stlik rishtalari qadrlanib, og‘a-ini, quda-anda bo‘lib yashayotgan turli millatlar soni ortib boryapti. Buni bayram saylida ishtirok etgan, Qirg‘iz milliy-madaniy markazi Sardoba bo‘limi huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan "Jan-janay" folklor-etnografik dastasi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq, terma va o‘lanlardan ham bilsa bo‘ladi.

- Gulistonda tug‘ilib o‘sganman, - deydi Koreys madaniy markazi Guliston shahar bo‘limi boshlig‘i Anderiy Kan. - O‘rtoqlarimning ko‘pi o‘zbeklar. Ular bilan qon-qardosh, yaqin og‘ayni bo‘lib ketganman.To‘y-ma’rakalarimiz, bayramlarimiz ham bitta.
Bayram tadbirlari davom etmoqda.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA