Sirdaryoda aholi murojaatlari muhokama etildi
Sirdaryo viloyat hokimligida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov hamda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida aholi murojaatlari va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan muhokama bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar va murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish mexanizmlari atroflicha tushuntirildi.
Muhokama davomida masalalar yashirilmay, bor gap boricha muhokama qilindi. Videoaloqa orqali bog‘langan barcha rahbarlarga sohadagi kamchiliklar, ayrim hududlarda ishlar oqsayotgani va aholi murojaatlariga sovuqqonlik bilan qaralayotgani ochiq aytildi. Eng muhimi, muammolarni yashirish emas, balki ularni tan olib, bartaraf etish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda respublika ishchi guruhining tashrifi shunchaki navbatdagi rasmiy tadbir emas, balki mahalliy darajada hal etilmagan masalalarni birgalikda yechishga qaratilgan yangicha yondashuv ekani urg‘ulandi. Endilikda vazirlik yoki idoralar javobini oylab kutish zamoni o‘tdi: agar masala mavjud bo‘lsa, uning yechimi ham shu yerning o‘zida topilishi kerak.

Har bir murojaat ortida inson hayoti va uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi turibdi. Shu bois, qog‘ozdagi “ijro qilindi” degan qaydlardan ko‘ra, masalaning tubdan va samarali hal etilishi ahamiyatlidir. Hozirgi tizimda kim faqat gapirish bilan bandligi-yu, kim haqiqatda xalq uchun mehnat qilayotgani ham aniq namoyon bo‘ladi.

Yig‘ilish yakunida rahbarlar aholi murojaatlarini diqqat bilan o‘rganishi, muammolarni zamonaviy, amaliy va tizimli yondashuv orqali bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhimligi ta’kidlanib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri