Sirdaryoda “Adolat sayli”
Guliston shahrida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlash maqsadida “Adolat sayli” tashkil etildi.
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.


Tadbirni Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamoljon Xoliqov ochib berib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyati, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Sayil doirasida 20 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlari tomonidan huquqiy maslahat burchaklari tashkil etilib, fuqarolarga moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar tayinlash, kredit va mikroqarzlar olish, soliq munosabatlari, eksport faoliyatini yo‘lga qo‘yish, investitsiya jalb etish, aliment undirish, davlat xizmatlaridan foydalanish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.



Jumladan, Davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari, notariuslar, advokatlar, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislari, intellektual mulk sohasi vakillari hamda boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan aholining murojaatlari qabul qilinib, huquqiy yordam ko‘rsatildi.


Tadbir doirasida shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgan ikki oilaning nikohi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, nikoh qurish arafasida turgan yoshlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.


Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi hamda Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida harbiy texnikalar, qurol-aslahalar va maxsus anjomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shu bilan birga, kamondan otish sport turi bo‘yicha amaliy mahorat darslari o‘tkazildi.
Fuqarolar bandligini ta’minlashga qaratilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tadbirning muhim qismiga aylandi. Yarmarka davomida ish izlovchilarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar taqdim etilib, mehnat munosabatlari va ishga joylashish masalalari bo‘yicha tegishli maslahatlar berildi.


Nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida tashkil etilgan “Biz birgamiz” aksiyasi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar va ijodiy ishlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, milliy madaniy markazlar vakillarining badiiy chiqishlari, kitob ko‘rgazmalari, sport musobaqalari, huquqiy viktorinalar hamda turli tanlovlar o‘tkazildi.
Tadbirning madaniy qismida viloyat madaniyat boshqarmasi san’atkorlari ishtirok etishib, konsert dasturlarini namoyish qilishdi.

Tadbir yakunida “Adolat sayli”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etgan tashkilot va muassasalar vakillariga Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

— Bugungi tadbir doirasida aholiga huquqiy maslahatlar berish bilan bir qatorda, fuqarolarni qiynab kelayotgan qator dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilinib, ularning yechimi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi va mavjud imkoniyatlar keng targ‘ib qilindi. Eng muhimi, turli davlat organlari va tashkilotlari vakillarining bir maydonda jamlanishi aholiga o‘zlarini qiziqtirgan savollarga joyida javob olish hamda muammolarini hal etish bo‘yicha amaliy ko‘makka ega bo‘lish imkonini yaratdi. Bunday tadbirlar fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, davlat organlari bilan aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash hamda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining mas’ul xodimi Dilnoza Umrzoqova.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA