Sirdaryoda 2,5 mlrd so‘mlik noqonuniy yuk fosh etildi
“Sirdaryo” chegara bojxona postida katta miqdordagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini noqonuniy ravishda respublika hududiga olib kirishga urinish holati fosh etildi. Bu haqda Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi ma’lum qildi.
Joriy yilning 21-22-aprel kunlari mazkur post orqali kirib kelgan, hujjatlarga ko‘ra olma, nok va apelsin kabi mevalar yuklangan 7 ta yuk avtotransport vositasi bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan. Shu asosda transport vositalari belgilangan tartibda chuqur tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruvlar davomida poytaxtdagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biri nomiga rasmiylashtirilgan yuklar hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan haqiqiy yuk miqdori o‘rtasida farq aniqlandi. Xususan, tirkamalarda hujjatlarda aks etmagan 84 tonnadan ziyod mandarin yashirin tarzda olib kirilayotgani fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, noqonuniy harakatni yashirish maqsadida yuklar maxsus usulda joylashtirilgan: tirkamaning old qismiga hujjatlarda ko‘rsatilgan mevalar joylashtirilgan bo‘lsa, ichki qismida esa qayd etilmagan mahsulotlar yashirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu yuklarning umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda. Barcha mahsulotlar belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olindi.
Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri