Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazining Abonementlar sektorida “Oilaviy kitobxonlar klubi”ning dastlabki yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni yanada qiziqarli o‘tkazish maqsadida AKM xodimlari tomonidan tayyorlangan “O‘qing va so‘zlang” nomli viktorina tashkil etilib, unda taklif etilgan kitobxon oilalar, ayniqsa, ularning farzandlari juda faol ishtirok etdi.
Shuningdek, “Yangi kelgan adabiyotlar” mavzusida “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan asarlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Tadbir so‘ngida qatnashchilar o‘zlari qiziqqan adabiyotlarni mutolaa uchun tanlab, uylariga olib ketish huquqini qo‘lga kiritdi.

***
Xovos tumanida "Oila ma’naviyati" oyligi doirasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" hamda "Yoshlar o‘rtasida odob, axloq" mavzularida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Sherzod Rustamov, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, “Xovos” jome masjidi imom xatibi Abdug‘affar Muhamadiyevning aqidaparastlikning oldini olish, ekstremizm, terrorizm xurujlariga qarshi kurashishga qaratilgan ma’ruzalari katta qiziqish bilan tinglandi.
Tadbir so‘ngida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusi qamrab olingan 8 nomdagi kitoblar jamlanmasi tumandagi umumta’lim maktablari kutubxonalariga tuhfa qilindi.

***
Sirdaryo viloyati prokuraturasi organlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Viloyat prokurori kubogi” uchun sportning mini-futbol turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada viloyat, tuman va shahar prokuratura organlari xodimlaridan tarkib topgan, jami 16 jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqada barcha raqiblarini dog‘da qoldirgan viloyat prokuraturasi xodimlaridan tashkil topgan “Mahkama-1” jamoasi “Viloyat prokurori kubogi” sohibi bo‘ldi. Bellashuvda “Yangiyer” jamoasi 2-, “Xovos” jamoasi 3-o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

***
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining shahar va tumanlardagi bo‘limlari xodimlari tomonidan hashar yo‘li bilan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Jumladan, Sirdaryo tumanining Sohil, Mirzaobod tumanining Do‘ngariq va Oqoltin tumanining Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida favqulodda vaziyatlar bo‘limlari xodimlari tomonidan ko‘p yillar davomida aholi tomonidan noqonuniy qurilgan binolar fuqarolarning roziligi bilan olib tashlanib, nogiron, yolg‘iz yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning xonadonlari ta’mirlanmoqda, ekin maydonlari tartibga keltirib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, rang-barang gullar ekilayotir.

***
Prezidentimizning 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan 2020 yil sentyabr-dekabr oylari davomida Sirdaryo, Jizzax, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlarida 2003-2008 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida sportning futbol turi bo‘yicha mamlakat chempionati bahslari o‘tkazilib, unda 6 yosh bosqichidagi Sirdaryo viloyat o‘smirlar terma jamoasi yosh toifalari bo‘yicha 2 ta 1-o‘rin, 1 ta 2-o‘rin va 1 ta 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Shu o‘rinda, 2003 yilda tavallud topgan o‘smirlar o‘rtasida Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionati musobaqasida sirdaryoliklar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 18 nafar sportchi oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida imtiyozli ravishda o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritgan.
Guliston shahridagi “Yagona” tantanalar saroyida O‘zbekiston chempionati g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan 6 yosh toifasidagi viloyat o‘smirlar terma jamoasi futbolchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida yosh futbolchilarga sport formalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA