Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilning 1-fevralidan 25-fevralga qadar “Bir bolaga besh kitob” aksiyasi oʻtkazilmoqda.
Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilning 1-fevralidan 25-fevralga qadar “Bir bolaga besh kitob” aksiyasi oʻtkazilmoqda.
Sirdaryo tumani Baxt shaharchasidagi 14-maktabgacha taʼlim tashkilotida ham ana shunday tadbir boʻlib oʻtdi.
“Bir bolaga besh kitob” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Baxt shaharchasi hokimligi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar boʻlimi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo tuman kengashi, hududagi “n” harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda 14-maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari va ularning ota-onalari faol ishtirok etdi. Har bir bolaga 5 tadan qiziqarli kitoblar sovgʻa qilindi.
Tadbirda bogʻcha tarbiyalanuvchilari yod olgan sheʼrlaridan namunalar oʻqidi, shoʻx musiqaga raqs tushib, oʻzbek, rus, ingliz tillarida ijro etilgan qoʻshiqlar barchaga manzur boʻldi.
Tumandagi “n” harbiy qism harbiylarining koʻrgazmali chiqishlari ham yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.
* * * * *
Mamlakatimizda birinchi boʻlib, tajriba sifatida Sirdaryo viloyati maktabgacha taʼlim tizimida Metodist maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etildi.
Ushbu tashkilot faoliyati viloyatdagi maktabgacha taʼlim tizimini sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar asosida yoʻlga qoʻyilishini taʼminlashga qaratilgan. Jumladan, tizimga yangi innovatsiyalarni, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish, maktabgacha taʼlim tizimida faoliyat koʻrsatayotgan pedagog kadrlarning kasbiy malakasini oshirish va ularga uzluksiz uslubiy xizmat koʻrsatishni professional tarzda yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Respublikada birinchi marta tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan Davlat talablari” hamda “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturida belgilangan talablarga toʻliq javob bera oladigan bittadan maktabgacha taʼlim tashkiloti bazasida “Metodist maktabgacha taʼlim tashkiloti” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.