Sirdaryo viloyatida Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi va uning filiallari tomonidan 4,9 ming nafar kishiga tegishli yer uchastkasi va ko‘chmas mulkka kadastr pasporti berilgan.
– bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 16 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning 303 ming gektardan ortiq yer maydonlari raqamlashtirildi va elektron xaritada aniq joyi, chizmasi va chegarasi haqidagi ma’lumotlar Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimiga kiritildi, – dedi Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Burxon Minasipov. – Elektron xaritada hisobga olingan 15,6 mingta yerdan foydalanuvchilarning 251 ming 922 gektar yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, 335 ta yuridik tashkilotga tegishli yer uchastkalari va ko‘chmas mulklarga ham kadastr pasporti tayyorlab berilgan.
Viloyatda 9,5 mingta yer uchastkasi va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar hamda tuzilgan bitimlar, 466 ta qurilishi yakunlangan bino va inshootni foydalanishga qabul qilish haqidagi dalolatnomalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Yer hisobini raqamlashtirish natijasida ish jarayonida tamagirlik, poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi, soha korrupsiyadan xoli hududga aylanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA