| Y | D | S | CH | P | J | SH |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| 8 | 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 |
| 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 |
| 22 | 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 |
| 29 | 30 | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda

Sirdaryo viloyatida 2025–2026 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha test sinovlari yakunlandi. Test sinovlarida 19 ming 991 nafar abituriyent qatnashdi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Alisher Bahromov test sinovlari shaffoflik va adolatli o‘tkazilganini ta’kidladi. Qoidalarga rioya qilmagan 3 nafar abituriyent belgilangan tartibda chetlatilgan.


Test natijalari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir kun ichida e’lon qilinmoqda. Abituriyentlar o‘z natijalarini my.uzbmb.uz sayti orqali shaxsiy kabineti yoki Agentlikning telegrammdagi bot manzillari orqali bilishlari mumkin.
***
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” respublika profilaktik tadbiri doirasida Xovos tumanida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhlari hamkorligida tashkil etilgan majlisda jinoyat ishi bo‘yicha shartli jazo olib, nazoratda bo‘lib turgan fuqarolarning qilmishidan to‘laqonli pushaymon bo‘lib, o‘zini ijobiy tomondan namoyon etganlari e’tiborga olindi.
Natijada 21 nafar shaxs sudning tegishli hukmiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Ular uchun bu hayotda ikkinchi imkoniyat, jamiyatda o‘z o‘rnini topish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Biroq, barcha uchun bir xil qaror chiqmadi. Jazoni qasddan o‘tashdan bo‘yin tovlagan 2 nafar fuqaroga nisbatan belgilangan jazo sud tomonidan og‘irroq turdagi jazoga almashtirildi.
Ta’kidlash joiz, bunday sayyor sud majlislari nafaqat jazo ijrosini ta’minlash, balki jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, tuzalishga intilayotgan shaxslarga ruhiy va huquqiy ko‘mak berishda muhim o‘rin tutadi.
***
Sirdaryo tumani Orzu mahallasida 120 nafar bolajonga xizmat ko‘rsatadigan 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Binoni barpo etish va bolajonlar ehtiyojiga mos holda jihozlash uchun davlat byudjetidan 3 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Orzu mahallasida maktabgacha ta’lim muassasasiga talab yuqori bo‘lib, qamrov darajasi yetarli emas edi. Yangi bog‘chaning ishga tushirilishi mahalliy aholi uchun, ayniqsa, ishlovchi onalar uchun katta qulaylik yaratdi.
– Men ushbu mahallaning eng keksa fuqarolaridanman. Qizlarim va nabiralarim shu yerda katta bo‘lgan. Ilgari bog‘cha yo‘qligi sababli nabiralarimizni uzoqdagi muassasalarga olib borishga majbur edik. Endi orzularimiz ro‘yobga oshdi, – deydi mehnat faxriysi Dilorom O‘roqova.

Darhaqiqat, ta’lim jamiyat taraqqiyoti asosi. Bolalikda shakllanadigan ko‘nikma va muhit inson kamolotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, Orzu mahallasining markazida qad rostlagan ushbu muassasa nafaqat bolajonlar, balki butun mahallaning ertangi kuniga qo‘yilgan muhim poydevor sifatida e’tirof etildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri
Muallif: Gulom Primov




