Sayxunobod tumanida aholiga tez, shaffof va qulay davlat xizmatlari ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida tuman Adliya bo‘limi tashabbusi bilan press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, Sayxunobod tuman Davlat xizmatlari markazi fuqarolarga 442 turdagi xizmatni “Bir darcha” tamoyili asosida taqdim etmoqda. Bu esa ortiqcha hujjatbozlik va navbatlarsiz, tez va qulay xizmat olish imkonini yaratayotgani bilan aholi tomonidan yuqori baholanmoqda.

Press-tur doirasida jurnalistlar markazdagi elektron navbat tizimi, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish burchagi, mobil ilovalar orqali murojaat qilish imkoniyatlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan infratuzilmalar bilan tanishdi.
***
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismda “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inining navbatdagi mavsumi ochildi.
“Jasorat maktabi” 10 kunlik o‘quv yig‘ini sifatida tashkil etildi. Unda ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turuvchi hamda otaliqqa olingan yoshlar ishtirok etmoqda. Maqsad yoshlarni harbiy intizom, yuksak ma’naviyat va zamonaviy kasb-hunar sirlari bilan tanishtirishdan iborat.

– O‘quv dasturi juda rang-barang va mazmunli bo‘lib, unda turli yo‘nalishda mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan,– deydi Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Mirqodir Sa’dullayev. – Jumladan, jangovar va umumharbiy tayyorgarlik, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim berish, tadbirkorlik asoslari hamda kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishlari qamrab olingan. Bundan tashqari, sport musobaqalari va ko‘rik-tanlovlar ham tashkil etiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri