Sirdaryo viloyati xabarlari — qisqa satrlarda
Shirin shahrida Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda kichik va o‘rta biznes vakillari, mahalliy ishbilarmonlar hamda soliq inspeksiyasi xodimlari ishtirok etdi.
Muloqotda asosiy e’tibor tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, soliq yuki, hisobotlar yuritishdagi qiyinchiliklar hamda raqamli xizmatlardan foydalanishdagi muammolarga qaratildi.
– Soliq tizimida “soliqchi — tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida ish olib borilyapti. Bu orqali tadbirkorlar bilan yaqin muloqot o‘rnatish, ularni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini rasmiylashtirishga yordam berish maqsad qilingan, – deydi Shirin shahar soliq inspeksiyasi sho‘’ba boshlig‘i Bekzod Ziyoyev.
Muloqot davomida tadbirkorlar hisobotlarni elektron shaklda taqdim etish, onlayn xizmatlardan foydalanish, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va amaldagi imtiyozlar haqida ko‘proq axborot talab etilayotganini bildirdi.
Soliq boshqarmasi mutasaddilari bildirilgan kamchilik va muammolarni joyida hal etdi. Qolgan masalalar bo‘yicha qonuniy asosda choralar ko‘rilishi aytildi.
***
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashabbusi bilan tizimdagi yosh harbiylar o‘rtasida o‘tkazilgan “Quvnoqlar va zukkolar – 2025” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining “Bojalar” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tanlovda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari boshqarmalarida xizmat qilayotgan yoshlardan tuzilgan jamoalar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar nafaqat sahnadagi hajviy chiqishlari va turli xil savol-javoblari, balki yuksak fuqarolik pozitsiyasi, ijodkorlik qobiliyati hamda jamoaviy ishlash mahorati asosida baholandi.
– Bellashuv yuqori kayfiyatda, quvnoq va do‘stona muhitda o‘tdi, – deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmatining rahbari Davronbek Sulaymonov. – Natijada bizning “Bojalar” jamoamiz ssenariy, yumor va sahnadagi uyg‘un harakatlari bilan hakamlar va tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
***
Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan Shirin shahridagi 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar uchun xavfsiz va mazmunli yozgi ta’tilni tashkil etish, sog‘lomlashtirish tadbirlarini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida “90 kun – 90 imkoniyat: bolalar baxti uchun birgalikda harakat qilaylik!” shiori ostida viloyat seminari tashkil etildi.
Seminarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, pedagoglar, mahalliy davlat hokimiyati va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Yozgi mavsumda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar uchun sog‘lom, xavfsiz va mazmunli muhit yaratish, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, estetik va ma’naviy tarbiyani ta’minlashga oid metodik tavsiyalar taqdim etildi.
Shuningdek, tadbirning amaliy qismida shahar maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasida shaxmat-shashka, minifutbol, “Quvnoq startlar”, gimnastika va velomarafon kabi sport musobaqalari tashkil etildi. Musobaqalarda faol qatnashgan va g‘olib bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Shirin shahar hokimligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri