Boyovut tuman adliya bo‘limi tomonidan "Huquqiy targ‘ibot kuni" loyihasi doirasida Amir Temur mahallasida tadbir tashkil etildi. Unda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni qonuniylashtirish tartibi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar va moddiy yordam berish, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi batafsil tushuntirildi. Shuningdek, kiberjinoyatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi noqonuniy faoliyat, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash kabi holatlar haqida ma’lumot berildi. Fuqarolar ana shunday holatlarga tushib qolmasligi uchun hushyor va ogoh bo‘lishga chaqirildi.
Shu bilan birga, aholining huquqiy masalalar bilan bog‘liq muammolari o‘rganildi. Masalan, Afg‘on urushi qatnashchisi va II guruh nogironi O‘ktam Bayjanov nafaqa olayotgan bo‘lishiga qaramay, kompensatsiya to‘lovi berilmagani haqida murojaat qildi. Uning bu muammosi yuzasidan huquqiy tushuncha berildi.
Huquqiy targ‘ibot kuni doirasida mahalla hududida uyma-uy yurishlar amalga oshirilib, turmush o‘rtog‘ining insult kasalligi sababli tomorqa ishlarini olib borishda qiyinchilikka duch kelayotgan Suymaxol Sayidvaliyevaning murojaati ham hal etildi. Adliya bo‘limi ko‘magi bilan uning tomorqasi shudgorlanib, huquqiy yordam ko‘rsatildi.
***
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi direktori O. Matyaqubov qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi va sifatini oshirish maqsadida Sirdaryo viloyatining Boyovut va Oqoltin tumanlarida tashkil etilgan nav sinash stansiya va uchastkalariga tashrif buyurib, u yerda olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Boyovut nav sinash stansiyasida jami 12,5 gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lib, ayni paytda boshoqli don ekinlarining 26 ta yangi navi sinovi olib borilmoqda. Bu kelgusida hududda g‘alla yetishtirishning hosildorligini oshirishga yordam beradi.
Tashrif davomida Markaz direktori sinov jarayonlari, ekinlarning o‘sish holati va agrotexnik tadbirlarning bajarilishi bilan tanishib, mutaxassislarga zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, sinov natijalari kelgusida hududda qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi va sifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
***
Sirdaryo viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan press-turda OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari ayni shu masala bilan yaqindan tanishtirildi.
Tadbir ishtirokchilari Guliston tumanida “og‘ir hudud” toifasiga kiritilgan Mustaqillik mahallasida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirishdi.
Mahallada yil boshidan 38 ta xonadonda 1 gektarga yaqin issiqxona qurilgan bo‘lib, hozir barcha issiqxonalarda pomidor, bolgar qalampiri, bodring kabi ekinlar baravj parvarishlanmoqda.
Olib borilayotgan islohotlardan ruhlangan Orifjon Shodmonqulov 2 sotixli issiqxona yonida mo‘’jazgina bog‘ ham barpo etgan.
–Oldinlari bitta-ikkita chorva bilan ovora bo‘lib, tomorqamdan deyarli foydalanmasdim, – deydi Orifjon. –Ichki ariqlarga suv yetib kelishini eshitishim bilan hokim yordamchisining taklifini qabul qilib, dehqonchilik bilan astoydil shug‘ullanishga kirishdim. Hozircha ekinlarni mas’ullar sa’y-harakati bilan maxsus avtotransportlar yordamida sug‘orib turibmiz.
Hududda ko‘makka muhtoj oilalarga kerakli yordam berilib, turmush sharoitini yaxshilashga erishilmoqda. Jumladan, Gulshoda Nuraliyevaga homiylik asosida tikuv mashinasi olib berilgan edi. Hayotini ancha izga solib olgan Gulshoda tikuvchilik faoliyatini kengaytirib, endi so‘nggi rusumdagi tikuv mashinasi olish harakatida.
Kechagina kichik bir do‘kon egasining qanday qilib yirik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi egasiga aylangani press-tur ishtirokchilariga ham qiziq bo‘ldi. Anvar Egamov hokim yordamchisi ko‘magi bilan 100 million so‘m miqdorida kredit olib, qolipli non ishlab chiqarish va ovqatlanish shoxobchasini ishga tushirdi. Ayni damda yosh tadbirkor 4 nafar fuqaroning bandligini ta’minlagan.
[gallery-22565]
***
Mirzaobod tumanidagi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism qo‘mondonligi tashabbusi bilan “Yosh chegarachilar” harbiy vatanparvarlik sport musobaqasining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Yosh chegarachilar o‘z jismoniy tayyorgarligi, harbiy bilimlari va jamoaviy hamkorlik qobiliyatlarini namoyish etishdi. Turli sinovlardan iborat bellashuvlar ishtirokchilarga o‘z mahoratlarini sinab ko‘rish imkoniyatini berdi.
Musobaqa yoshlarning harbiy xizmatga tayyorgarlik ko‘rishi va ularning vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Musobaqada tumandagi 20-sonli umumta’lim maktabi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri