Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Boyovut tumani hokimligi tomonidan “Pillachilik sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda tumandagi pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi klaster va fermer xo‘jaliklarining mas’ul xodimlari, kasanachi va pillakorlar qatnashdi.
O‘quv-seminarda ishtirok etgan pillachilik sohasi bo‘yicha tajribali murabbiylar tomonidan Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida pilla yetishtirish, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish va xonadonlarga tarqatilgan pillaning to‘g‘ri parvarishini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, uy sharoitida ipak ishlab chiqarishning samarali usullari bo‘yicha so‘z yuritildi.
Tadbirda, shuningdek, pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ipak qurtining yangi agrotexnik qoidalari asosida parvarishlashga jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Bu orqali pillachilik sohasidagi daromad va mahsuldorlikni oshirishga qaratilgan strategiyalar hamda amaliyotlar bilan o‘rtoqlashildi.
Kursda qatnashgan barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar berildi.
***
Sirdaryo viloyatida atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshiriladigan davlat dasturi doirasida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirishga qaratilgan bir qator muhim qadamlar tashlanmoqda.
Xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish va ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Sirdaryo viloyatida bunday imkoniyatlarni aholi va tadbirkorlarga yetkazish maqsadida qator targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi 2024 yil avgust oyida Sirdaryo tumanida joylashgan “Peng-Sheng” majmuasida O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonalarining ta’sischilari bilan quyosh panellarining samaradorligi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazgandi. Shuningdek, ular tomonidan Yangiyer shahridagi tadbirkorlik sub’ekti hududida o‘rnatilgan quyosh panellarining afzalliklari tanishtirilgandi.
Ushbu targ‘ibot tadbirlari bugungi kunga kelib, o‘z natijasini berdi. Mazkur majmua hududiga jami 3000 kVt.lik quyosh panellari o‘rnatish rejalashtirildi. Va xorijdan qariyb 250 ming AQSH dollarlik 800 kVt.lik quyosh panellari keltirildi. Qisqa muddatlarda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, majmua hududidagi bino tomlariga o‘rnatildi.
Bu esa, ekologik toza energiya manbalaridan foydalanish samaradorligi, energiya tejamkorligini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, korxonalarning elektr energiyaga bo‘lgan qaramligini kamaytirishga, ekologik toza elektr energiya ishlab chiqarish hajmining ortishiga sabab bo‘ladi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga 2024 yilda kelib tushgan jami 1187 ta murojaat o‘rganilib, ularning 1026 tasi (deyarli 87 foizi) ijobiy hal etilgan.
Bu murojaatlar asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, Virtual qabulxonasi, Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqami, hududiy boshqarmaning ishonch telefoni, viloyat hokimligi va boshqarma rahbariyatining sayyor qabullari orqali kelgan.
–Uy-joy qurilish, kommunal xizmatlar sohasi bo‘yicha 555 ta, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 495 ta, aloqa va ijtimoiy xizmatlar sohasida 102 ta, reklama sohasida 10 ta, raqobat sohasida 25 ta murojaat kelib tushgan,—deydi O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Qomus Yo‘ldoshev.–Kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijasida 450 mingga yaqin iste’molchining huquqlari buzilgani aniqlanib, ularning 7.5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari qaytarilishiga erishgan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan davrida 213 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, uy-joy qurilish, kommunal xizmatlar sohasiga 153 ta, savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga 38 ta, aloqa va ijtimoiy xizmatlar sohasiga 19 ta, reklama sohasiga 3 tasi to‘g‘ri keladi. Ularning 188 tasi ijobiy hal etilib, 196 ming nafar iste’molchining huquqlari tiklanib, ular foydasiga 1.5 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘lar qayta hisob- kitob qilindi.
Misol uchun aytganda, Xovos tumanida istiqomat qiluvchi Sh.G. maishiy elektro texnikalar do‘konidan 4 760 000 so‘m evaziga kir yuvish mashinasi xarid qilgan, lekin tovar nosoz bo‘lib chiqqan. Boshqarma tomonidan olib borilgan tekshiruvlar natijasida mahsulot qaytarib olinib, fuqaroga to‘langan mablag‘ qaytarildi. Guliston shahrida yashovchi T.A.ning maishiy elektro texnikalar do‘konidan sotib olgan muzlatkichi esa, past kuchlanishda ishlamagan. Uning murojaati asosida mazkur muammo o‘rganilib, fuqaroning muzlatkich sotib olish uchun to‘lagan 6 mln so‘m mablag‘i qaytarildi. Yangiyer shahrida istiqomat qilayotgan X.B. esa Guliston shahridagi "Sayxun" buyum bozoridan yetkazib berish xizmatini o‘z ichiga olgan holda 11 700 000 so‘mga yumshoq mebel xarid qilgan, ammo tovar yetkazib berilmagan. Tekshiruv natijasida fuqaroga to‘langan mablag‘lar qaytarildi.
***
Sirdaryo viloyatidagi korxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, 1,55 mlrd so‘mlik zarar keltirgani aniqlandi.
“Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisining topshirig‘i bilan joylarda, xususan, Sirdaryo viloyatida noqonuniy holatlarni aniqlashga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.
Viloyatning Mirzaobod tumani “Yangihayot” MFYda joylashgan “A. P.” MCHJda gazdan foydalanish holati ko‘zdan kechirilganda korxonada o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasining ruxsat etilgan maksimal o‘lchash chegarasidan chetga chiqqan holda ikki dona nostandart yondirgichdan foydalanilayotgani aniqlandi. Holat bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 1 milliard 558 million so‘mlik zarar hisoblandi.
Guliston shahar “Bahor” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro X. R. xonadonida hisoblagichdan tashqari gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, “zangori yoqilg‘i”dan noqonuniy foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, 379 million 787 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.Bu haqda "Hududgazta’minot" AJ xabar berdi.
[gallery-22145]
G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari