Guliston tumanida energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ularni tejash borasida amalga oshirilayotgan ishlar Respublika yoqilg‘i-energetika shtabi tomonidan o‘rganildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Aminov boshchiligidagi ishchi guruh hududdagi mavjud muammolarni hal etish hamda samaradorlikni oshirish bo‘yicha tuman sektorlari rahbarlari va mutasaddi tashkilotlariga aniq tavsiyalar berdi.
O‘rganish davomida energiya tejamkorligi bo‘yicha ilg‘or tajribalar namoyish etilib, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalasiga e’tibor qaratildi. Xususan, quyosh panellari va geokollektorlar o‘rnatish orqali energiya tejash imkoniyatlari amaliy misollar bilan tushuntirildi.
Shuningdek, ishchi guruh mutasaddilar bilan uchrashib, mavjud muammolarni joyida hal qilish, energiya resurslaridan foydalanishda samaradorlikni oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilab berdi.
[gallery-22047]
***
Oqoltin tumanida viloyatdagi fermer xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlari hamda agrar soha mutasaddilari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov qatnashdi.
Seminarda ichki ariq va zovurlarni tozalash, betonlash, daraxt shoxlarini butash, dala chetlaridan samarali foydalanish, ekinlar uchun zarur o‘g‘itlar hamda mavjud texnika va uskunalarni mavsumga tayyorlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.Hosildorlikni oshirish uchun zamonaviy ilmiy yondashuvlarni an’anaviy dehqonchilik uslublari bilan uyg‘unlashtirish ta’kidlandi.
Joriy yilgi mavsumda yuqori hosil olish uchun mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish dolzarb masala sifatida belgilandi. Shu munosabat bilan urug‘larni 76/10 sxemada plyonka ostida ekish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanish, “BT” g‘o‘za navlarini yetishtirish, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshirish hamda intensiv agrotexnologiyalarni o‘z vaqtida joriy etish zarurligi aytilib, mahalliy va xorijiy g‘o‘za navlarini ekishda ilmiy asoslangan yondashuvlarga e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminar-treningdan so‘ng tashkil etilgan sayyor qabulda fermer va dehqonlarning huquqlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
[gallery-22048]
***
Guliston tumanining Ahmad Yassaviy mahallasi hududida joylashgan Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida xotin-qizlarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatadigan "Oila va xotin-qizlar maskani" ochildi.
–Mazkur maskanning ochilishi turmush qurish ostonasida turgan yoshlar, ishsiz va kasb-hunarsiz, ijtimoiy, huquqiy, psixologik xizmatga muhtoj xotin-qizlar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi,– deydi tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Matluba Xudoyberdiyeva.– Eng muhimi, yoshlarni oilaga tayyorlash bilan birga, kasb-hunarsiz xotin-qizlarni qandolatchilik, tikuvchilik, tomorqachilik kabi 10 ga yaqin yo‘nalishlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa, xotin-qizlarning jamiyatda ijtimoiy faolligini oshirishga, oilalarda tinchlik hukm surishiga yordam beradi.
"Oila va xotin-qizlar maskani"ning ochilishida viloyat hokimining o‘rinbosari– Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva, Respublika targ‘ibot guruhi a’zolari, tuman hokimligi vakillari, "Oqila ayollar" harakati a’zolari, mahalla xotin-qizlar faollari ishtirok etishdi. Tikuvchilik, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda kasb-hunar o‘rgatadigan tajribali xotin-qizlar, yoshlarni oilaga tayyorlashga ko‘maklashadigan "Oqila ayollar" harakati a’zolariga tavsiya va maslahatlar berildi.
[gallery-22049]
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari