Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Tadbirkor muzlatkichli omborxona qurdi
Sayxunobod tumanining "O‘zbekiston" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va shu bilan birga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish maqsadida o‘z xonadonida 150 tonna sig‘imga ega bo‘lgan muzlatkichli omborxona qurdi.
Buning uchun ATB "Agrobank"ning tuman bo‘limidan 100 million so‘m miqdorida kredit olib, bino, muzlatkichli omborxona uchun zarur bo‘lgan jihozlarni Turkiyadan keltirib o‘rnatdi.
Natijada 3 ta ish o‘rni yaratilib, ishsiz yoshlar ish bilan ta’minlandi. Bir vaqtning o‘zida eksportga yo‘naltiriladigan 150 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xaridorga qulay bo‘lgan vaqtgacha saqlab, uni sifatli saqlash imkoni yuzaga keldi.
–Ko‘pdan buyon qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, uni eksportga yo‘naltirish bilan shug‘ullanaman. Ammo uni xaridorga qulay bo‘lgan vaqtgacha saqlashda ko‘p marotaba muammoga duch kelganman. Chunki, yashash hududimizda meva va sabzavotlarni uzoq muddat saqlab turadigan muzlatkichli omborxona yo‘q. Borlari ham ancha olisda. Bu esa mahsulotning tannarxi oshishiga, uni olib borish va joylashtirish, saqlash bilan bog‘liq xarajatlar ko‘payishiga, eng muhimi, turli ovoragarchiliklarga sabab bo‘lardi. Xonadonimda qurgan, ishga tushirgan 150 tonna sig‘imga ega muzlatkichli omborxona esa ana shu muammolarga chek qo‘yadi,–deydi tadbirkor Anvar Hasanov.
Qarzdorlik evaziga fermerning kombayni xatlandi
Xovos tumani hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “S” fermer xo‘jaligining korxona va tashkilotlar, soliq idoralari oldidagi qarzdorligi 900 mln. so‘mga yetdi.
Mazkur qarzdorliklarning qoplanishi yuzasidan MIB davlat ijrochisi tomonidan fermer xo‘jaligi rahbari bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan qarzdorlik qoplanmadi.
Ijro harakatlari natijasida fermer xo‘jaligiga tegishli “CLAAS DOMINATOR-130” rusumli o‘rim kombayni xatlanib, 1 476 676 210 so‘mga baholanib, qarzdorliklarni qoplash maqsadida elektron auksion savdosiga chiqarildi.
Auksion savdosidan tushgan mablag‘lar “S” fermer xo‘jaligining korxona va tashkilotlar, soliq idoralari oldidagi qarzdorligi qoplanishiga yo‘naltiriladi.
Bu haqda Majburiy ijro byuroning Xovos tuman bo‘limi ijrochisi xabar berdi.
«Biz zo‘ravonlikka qarshimiz»
Sirdaryo tumanida "Biz zo‘ravonlikka qarshimiz" deb nomlangan “16 kunlik aksiya” doirasida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Jamiyatda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, ayollarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni, “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya va boshqa huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati aholiga tushuntirildi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada oshirish, gender tenglikni ta’minlash masalalariga ham ahamiyat qaratildi.
Sirdaryo tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Munojat Sharipova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo tumani bo‘linmasi rahbari Lola Shoimova, Sirdaryo tuman IIBning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Ro‘zigul Risqulova, 41-o‘rta maktab direktori Mavluda Burhonova hamda mahallalardagi xotin-qizlar faollari, tuman XTBga qarashli umumta’lim maktablarining amaliyotchi psixologlari va yuqori sinf o‘quvchi qizlari ishtirok etgan tadbirda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida xotin-qizlarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik hamda xotin-qizlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, gender tenglik, ayollar va erkaklar o‘rtasida teng huquqlar va imkoniyatlar, xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilindi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarning fikr va mulohazalari, takliflari umumlashtirilib, kelgusidagi ish rejalari belgilab olindi.
G‘oliblar poytaxtga boradi
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi mamlakatimiz yoshlari hayotida muhim voqea bo‘ldi. Bu mukofot iqtidorli qizlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, orzu-intilishlarini amalga oshirish va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Guliston shahrida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlarni saralashning viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning tuman, shahar bosqichlarida jami 209 nafar iqtidorli qiz ishtirok etgan bo‘lsa, viloyat bosqichida adabiyot, ta’lim, fan, san’at, sport, madaniyat, jamoatchilik va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha 64 nafar iqtidor sohibasi o‘z imkoniyatlarini namoyish qildi.
Viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qizlar tanlovning respublika bosqichida qatnashadi.
[gallery-20643]
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri