Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
—
Sirdaryo viloyati yoshlar texnoparkiga BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi huzuridagi maxsus maslahat maqomidagi tashkilot “International Association of Science Parks and Areas of Innovation” (IASP)ning rasmiy a’zosi maqomi berildi. Mazkur a’zolik sifat muhri bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab sanoatning yetakchi ilm-fan va texnologiya parklari, innovatsiya sohalarini birlashtiruvchi tarmoqda rasmiy vakillik huquqini beradi. Shuningdek, IASPning global tadbirlarda oflayn hamda onlayn ishtirok etish va nufuzli delegatlar orqali yutuqlar, takliflarni xalqaro darajalarga olib chiqish imkoniyatini taqdim etadi.

* * *
Oqoltin tumanida yuk avtomobillarining og‘irligi va kengligini nazorat qiluvchi ko‘chma tarozi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tarozi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini saqlash va avtomobil transportining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishida vazn va hajm parametrlarini samarali nazorat qilish maqsadida faoliyat boshladi. Ko‘chma tarozi yordamida transport vositalariga ortiqcha yuk ortilganligi yoki transport vositalarining har bir o‘qiga tushadigan ortiqcha yuk og‘irligi aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda vaznni barqarorlashtirish va qonuniy chora ko‘rish amalga oshiriladi.

* * *
Sirdaryo tumanidagi Bunyodkor, Kamolot, Oq yo‘l hamda Orzu mahallalarida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlarni xalqimizga aniq hayotiy misollar va dalillar orqali sodda va tushunarli yetkazish, aholining kayfiyatini ko‘tarishdir.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri