Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Boyovut tumanidagi “Tinchlik” mahallasida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi asosida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bunyodkorlik ishlariga Boyovut tumani irrigatsiya bo‘limi jamoasi ham munosib hissa qo‘shmoqda.
– Shu kungacha “Dehqonobod” va “3-Boyovut”, “2-Boyovut” hududi tozalanmoqda, – deydi Boyovut tumani irrigatsiya bo‘limi mutaxassisi G‘.Zaripov. – “Tinchlik” mahallasidan o‘tgan zovurning 4,5 kilometrlik qismi tozalandi, hozirda 3 kilometrdan ortiq joy tozalanib, obodonlashtirildi. Shuningdek, “Oltinsoy” kollektorining 130 kilometr masofasida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Ta’mirlash ishlariga 5 dona ekskavator jalb qilingan.

***
Guliston tumani hokimi O‘lmasjon Mamadaminov, tuman sektor rahbarlari hamda chet elda ishlash uchun ketgan ota-onalar farzandlari hamda vasiylikka olgan fuqarolar bilan birgalikda onlayn muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida ota-onalarning taklif va muammolari tinglandi. Savollarga mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan javob berildi. Shuningdek, bo‘lib o‘tgan onlayn muloqot davomida tuman hokimi tashabbusi bilan har oyda bir marotaba mana shunday onlayn muloqot o‘tkazish taklifi aytildi.

***
Sayxunobod tumanidagi “Shahzodjon Fozilovich” fermer xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Unda mutasaddi tashkilotlarning mas’ullari, soha mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari va klasterlar vakillari ishtirok etdi. Ushbu xo‘jalikning 60 gektar paxta maydonida Turkiya texnologiyasi asosida tomchilatib sug‘orish o‘rnatilgan. Avvallari 20–25 sentner paxta yetishtirilgan dalalardan, bu yil 40–45 sentner hosil olinishi mo‘ljallanmoqda. Seminar ishtirokchilariga suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari va imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.



***
Bugungi kunda mamlakatimizda axborot texnologiyalari yo‘nalishida 9 mingdan ortiq xotin-qizlar mehnat faoliyatini olib bormoqda. So‘nggi uch yilda Respublika miqyosida dasturchi xotin-qizlar uchun qator loyihalar mahalliy va xorijiy tanlovlar, minglab ishtirokchilarga yangi loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy ko‘mak berilmoqda. Xotin-qizlarni IT sohasiga qiziqtirish, targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadida Guliston shahrining “Yoshlar markazi” majlislar zalida “Beautify”startap loyihasi asoschilari Nigora Oqilova va Nargiza Qosimova ishtirokida “IT sohasida xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Seminarda tuman va shaharlardan kelgan xotin-qizlar faollari qatnashdi.


***
Viloyat Ekologiya boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatiga oid PF-81-son farmoni hamda PQ-171-son qarorining mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda viloyatda faoliyat olib borayotgan bosma va elektron OAV vakillari, jurnalistlar, blogerlar, viloyatdagi boshqarma, tashkilot va muassasalar axborot xizmatlari rahbarlari hamda viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha xodimlaridan batafsil javob oldi.


Shuhrat Suyarov, O‘zA