Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryoning qovun-tarvuzlari azaldan o‘zining xushxo‘rligi va takrorlanmas mazasi bilan nom qozongan. Sirdaryolik mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan totli qovunlar nafaqat yurtimiz bozorlarida, balki chet ellarga ham eksport qilinib, o‘zining tilni yorar mazasi bilan ham xorijliklarni sevimli mahsulotiga aylangan.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2023 yilning shu kuniga qadar qiymati 2,1 million AQSH dollarlik 4747 tonna qovunlar o‘nta davlatga eksport qilindi. Ushbu poliz mahsulotlarini eksport qilishda, ayniqsa, bojxona xodimlari tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan tartibda qisqa muddatlarda amalga oshirilmoqda.


***
Ayni kunda 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari davom etmoqda. Bu yilgi test sinovlariga Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasi tanlangan. 33 367 nafar abituriyent imtihonda qatnashish uchun hujjat topshirgan. Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, shu kunga qadar test sinovlariga 20 421 nafar abituriyent qatnashgan bo‘lsa, 999 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga kelmagan. Shuningdek, binoga kirishda 2 nafar, test jarayonida 3 nafar, jami 5 nafar abituriyent imtihon qoidalariga rioya etmagani uchun test sinovlardan chetlatilgan. Ma’lumot uchun, viloyatda test sinovlari joriy yilning 11 avgustigacha davom etadi.

***
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boyovut tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman Qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi Sh.Sh. fuqaro U.X. bilan o‘zaro til biriktirib, fuqaro U.T.ga tanishlari yordamida 10 ming AQSH dollari evaziga “Navbahor” MFY hududidagi 16 gektar yer maydonini auksion savdolari orqali yutib olib berishini aytib, oldindan 2 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

***
“Sirdaryo” chegara bojxona postiga fuqaro N. boshqaruvida kirib kelgan “DAF” rusumli yuk avtotransport vositasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda avtotransport vositasining salon qismida, yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan qiymati 22 million so‘mlik 22 dona “JACK DANIELS” (1L, 40%) nomli viski alkogol mahsulotlarini qayta sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

***
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi hamda Sirdaryo viloyati tashkil topganligining oltmish yilligi munosabati bilan Oqoltin tumanidagi “Obod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston bu – men!” shoiri ostida, “Sayxun ovozi” ma’naviyat va madaniyat kunlari doirasida konsert dasturi tashkil etildi. Aholining madaniy hordiq olishi uchun tuman madaniyat va turizm bo‘limi xodimlari tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Bunday ko‘ngilochar tadbirlar viloyatda Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami kunlarigacha tashkil etilishi rejalashtirilgan.


***
“Oqila ayollar” harakatini tuzish g‘oyasida Prezidentimizning “Ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi!” degan g‘oyani ilgari suruvchi, “jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish, barcha islohotlarni oila, onalar ma’naviyati bilan uzviy amalga oshiramiz!” degan g‘oyalari mujassam.
Boyovut tumanida “Oqila ayollar harakati” tashkil etilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda e’tiborga, katta hayotiy tajribaga ega, tom ma’noda jamiyat va davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati, hayotiy tajriba va ta’siri bilan ma’naviy sog‘lom oilaning mustahkamlanishiga, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibrat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh Oqila ayollar ishtirok etdi. Oilalarning mustahkam bo‘lishi yo‘lida ibrat ko‘rsatib, o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh oqila ayollar, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan taqdirlandi. Tadbir kuy-qo‘shiqlarga ulanib ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.




Sh.Suyarov, O‘zA