Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyati Guliston tumani “Ibrat” mahallasida yashovchi Akromjon Usmonov bundan yetti oy muqaddam qorindagi shish sabab, oldiniga tuman, so‘ngra viloyat tibbiyot muassasasi malakali mutaxassislarga murojaat qildi. Unga buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi.

Bemor Guliston tibbiyot klasterining nefrologiya va gemodializ bo‘limida davo muolajalarini oldi. Davolash jarayonlari ijobiy natija bermadi. Sayyoraxon Norqulova akasiga bir buyragini berishga qaror qildi. Shifokorlar xulosasidan so‘ng, buyrak transplantatsiyasi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Ushbu amaliyot Guliston tibbiyot klasterida V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplandi. Hozirda Akromjon Usmonov va uning singlisi Sayyoraxon Norqulovaning salomatligi yaxshi. Ular Guliston tibbiyot klasterida shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.
**
Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin, Guliston va Sirdaryo tumanlarida g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlandi. Joriy yilda sirdaryoliklar 73 ming gektar maydonda boshoqli don ekinini parvarishlab, undan 540 ming tonnaga yaqin hosil yig‘ishtirib olishni rejalashtirgan.
O‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan olib borish maqsadida 280 dan ziyod yuqori unumli don o‘rish kombaynlari va 843 tashish texnikalari jalb qilingan. Mavsum avvalida joylarda seminarlar tashkil etildi va bug‘doyni qisqa muddatlarda, nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda klasterlar, fermerlar, kombaynchilar va bu jarayonga mas’ul mutasaddilar oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Sh.Suyarov,
Sh. Ortiqboyev, (surat) O‘zA