Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mirzaobod tumani “Bek klaster” MCHJ qo‘shma korxonasiga qarashli “Yangiobod” xo‘jaligida 2023 yil hosili uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha seminar yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ilmiy tadqiqot institutining professorlari, “Quyi-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari” havza boshqarmasi mutasaddi rahbarlari va tegishli tuman tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.

“Bek klaster” MCHJ qo‘shma korxonasining 1400 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Bugungi kunda ushbu maydonlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini tashkil etish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga suvdan 30,3 million kub, mineral o‘g‘itdan 170 tonna, yoqilg‘i moylash mahsulotlaridan 35 tonna, ishchi kuchidan 750 million so‘m hamda mexanizatsiya xizmatidan 680 million so‘m tejalgan.


Sirdaryodagi 40 umumta’lim maktabiga bir milliard so‘mlik jihozlar tarqatildi. Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda barcha sharoitlar yaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish borasidagi qarorlariga muvofiq mahalliy byudjet hisobidan 1 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda ajratiladigan mablag‘ni manzilli dasturlar asosida sarflanishi belgilab berilgan. Bugun viloyat hokimligi va Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan 40 umumta’lim maktablariga, xorijiy tillarni o‘qitishda zarur bo‘lgan adabiyotlar, asbob-uskunalar, zamonaviy axborot texnologiya jihozlari topshirildi.



Sh.Suyarov, O‘zA