Sirdaryoda mahalla raislari va faollari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Akbarxon Mirzaxonov mahallabay ishlash tizimining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi.
– Aholini tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Akbarxon Mirzaxonov. – Jumladan, Sirdaryoda istiqomat qilayotgan shu toifadagi fuqarolarga "aqlli soat"lar taqdim etildi. Nogiron, yotib qolgan bemorlarga bepul reabilitatsiya vositalari yetkazib berildi. Eng muhimi, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish tizimida platforma yaratildi. Bu ana shu toifadagi shaxslarni ro‘yxatini shakllantirib borish, ularga yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
O‘quv seminarida tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish xodimlarining mahalla fuqarolar yig‘inlari rais va ularning yordamchilari bilan hamkorlik aloqalariga alohida e’tibor qaratildi.

Boyovut va Sayxunobod tumanlarida zaxiradagi yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.S 2 nafar fuqaroga Boyovut tumani, “Anorzor” MFY hududidagi 16 sotix zaxiradagi yer maydonini o‘ziniki ekanligini aytib, ushbu yer maydonini 25 ming AQSH dollari evaziga rasmiylashtirib berishga kelishib, oldindan 10 ming AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.S., fuqaro I.ga Sayxunobod tumani, “Nurobod” MFY hududidagi 20 sotix zaxiradagi yer maydonini o‘ziniki ekanligini aytib, tanishlari orqali hujjatlarni uning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 2 ming 600 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yashovchi O‘rinboy Abdumalikov 1 gektar maydonda 50 ming tup pavloniya daraxti ko‘chatlarini yetishtirmoqda.
O‘rinboy yosh bo‘lishiga qaramay undagi kuch-g‘ayratni, shijoatni ko‘rib, beixtiyor siz ham mana shunday bog‘ yaratgingiz keladi.
– Hukumatimizning biz, yoshlarga qilayotgan g‘amxo‘rliklaridan behad minnatdorman. Yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda kelajakka ishonch bilan yuzlanib, ko‘tarinki kayfiyatda mehnat qilyapmiz. Kelgusida rejalarim bisyor. Hozirgi kunda 1 gektarli ko‘chatxonamni 110 gektarga kengaytirish niyatidaman, – deydi O‘rinboy.
Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni ozoda va pokiza saqlash xalqimizning asrlar osha sinovdan o‘tgan milliy qadriyatidir. Yosh bog‘bon O‘rinboy Abdumalikov ham daraxtlar inson hayoti va tabiat uchun muhim omil sanalishini hamisha yurakdan his etgan holda ezgu ishlarini yanada rivojlantirish harakatida astoydil mehnat qilmoqda.

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida quyosh panellari o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 10 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari barcha vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini muqobil energiyaga o‘tkazish vaqti kelganligini ta’kidlab, tegishli topshiriqlar bergan edi.
Ushbu topshiriq yuzasidan, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tarkibiy tuzilmalarda 2022-2023 yillarda quyosh suv isitish qurilmalari va quyosh panellarini o‘rnatish dasturi tasdiqlandi. Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomiga ham quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Kelgusida boshqarma tasarrufidagi chegara va tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga ham bosqichma-bosqich mazkur turdagi quyosh elektr panellari o‘rnatiladi.

Shuxrat Suyarov, O‘zA.